Qozog‘istonda burqa kiyganlik uchun jarima belgilanishi mumkin
Olam
−
04 dekabr 1429 2 daqiqa
Qozog‘istonda jamoat joylarida niqob, burqa va paranji kiyganlar jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqdagi qonun kecha, 3 dekabr kuni parlamentning quyi palatasi – Majlisda ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Bu qonun jamoat joylarida yuzni yopuvchi kiyim kiyganlik uchun javobgarlikni belgilaydi.
Qonun bilan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritiladi. Yuzni to‘sadigan kiyimda jamoat joyida birinchi marta ko‘ringan odamga ogohlantirish beriladi, takroran sodir etilsa, 10 oylik hisoblash ko‘rsatkichlari miqdorida jarima solinadi. Bu taxminan 40 ming tenge yoki 80 dollarga teng.
Endi hujjat Senatga – parlamentning yuqori palatasiga yuboriladi. Agar u yerda ma’qullansa, Prezident imzosiga kiritiladi.
Davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev o‘tgan yozda jamoat joylarida yuzni yopadigan kiyim kiyishni taqiqlovchi qonunni imzolagan edi. Hujjatda aynan qaysi kiyim nazarda tutilgani ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, “maska”lar va balaklavalardan tashqari yuzni to‘liq yopadigan diniy kiyimlar, jumladan, burqa ham taqiqlanganini anglash mumkin. Qozog‘istonda burqani taqiqlash masalasi bir necha yildan beri muhokama qilinib kelayotgan edi.
2024 yilning mart oyida Qosim-Jomart To‘qayev burqani radikal kayfiyatdagi neofitlar tomonidan ayollarga majburlanadigan “arxaik kiyim shakli” deb atagan. Uning fikricha, bu Qozog‘istonning an’anaviy qadriyatlariga “ochiqdan-ochiq qarshi chiqish”dir.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga yuzni to‘sib turuvchi kiyimlarni kiyganlik uchun jarima belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi.
Live
Barchasi