Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga hujum ortidan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi chaqirildi
Olam
−
09 iyul
4608Buyuk Britaniya, Fransiya, Ekvador, Sloveniya va AQSH BMTni tashkilotning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda “AlJazeera” xabar berdi.
Kecha, 8 iyul kuni Rossiyaning raketa zarbalari Ukraina shaharlaridagi asosiy nishonlarga, jumladan Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga tegdi. Oqibatda ko‘plab odamlar qurbon bo‘ldi. Eng yirik bolalar tibbiyot markazi hamda butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab kasal bolalarni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan Kiyevdagi Oxmatdet shifoxonasi o‘qqa tutilishi sababli Fransiya va Ekvador Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini chaqirishni talab qildi. Bu esa Sloveniya, AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Biz Xavfsizlik Kengashida Rossiyaning kecha tunda shifoxonaga qo‘rqoq va g‘ayriinsoniy harakterdagi hujumini qoralaymiz”, degan Buyuk Britaniyaning BMTdagi doimiy vakili Barbara Vudvord o‘zining X sahifasida.
Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi bugun, 9 iyul kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, bolalar shifoxonasiga raketa hujumi va Ukrainaning boshqa shaharlarini Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishini muhokama qiladi.
Ukrainaga qilingan hujum oqibatida kamida 33 kishi halok bo‘ldi, yana 140 kishi yaralandi. Kiyevda esa 27 kishi qurbon bo‘ldi, yana 82 kishi jarohat oldi. Oxmatdet bolalar shifoxonasida esa 2 kishi halok bo‘ldi va yana 10 kishi yaralandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy og‘ir kasallik bilan kurashayotgan bolalar shifoxonasiga berilgan zarbani Kremlning jinniligi, deya ta’riflagan.
Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Rossiya shifoxonani X-101 strategik qanotli raketasi bilan urgan. Buni voqea joyidan topilgan raketa parchalarining fotosuratlari, jumladan raketa korpusining seriya raqami yozilgan qoldiqlar ham isbotlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga raketa va dron bilan hujum qilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi