Kiyev Rossiyaga zarba berish uchun allaqachon G‘arb qurollaridan foydalangan – OAV 

Olam

image

Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya hududiga hujum qilish uchun bir necha bor G‘arb davlatlari yetkazib bergan qurollardan foydalangan. Bu haqda manbalarga tayanib, “France Presse” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ukraina Qurolli kuchlari oxirgi marta Krasnodar yaqinidagi nishonlarga G‘arb qurollari bilan hujum qilgan. Agentlik manbalari gap qaysi buyumlar va qurollar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

Bir kun oldin Germaniyaning “Bild” gazetasi ham manbasiga tayanib, Ukraina harbiylari Rossiya samolyotlariga qarshi kamida bir marta Germaniyadan yuborilgan Amerikaning Patriot tizimidan foydalangani haqida xabar berdi. Shundan so‘ng, Germaniya va Qo‘shma Shtatlar, agar bu holat yana takrorlansa, yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

Ukraina hukumati uzoq vaqtdan buyon ittifoqchilar tomonidan yetkazib berilgan qurol-yarog‘ bilan Rossiyadagi harbiy ob’ektlarga zarba berish uchun ruxsat olishga harakat qilmoqda. So‘nggi paytlarda ko‘plab G‘arb siyosatchilari ham Ukraina Qurolli kuchlariga bunday zarbalarni amalga oshirishga ruxsat berishga chaqirmoqda.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainaning hamkor davlatlarini Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berishda o‘z qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni taklif qildi. 

“Ukrainaga Rossiya hududidagi qonuniy harbiy nishonlarga qarshi ushbu qurollardan foydalanishni taqiqlash uning mudofaa ishlarini juda qiyinlashtiradi”, deydi Stoltenberg.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozef Borrel esa Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududidagi nishonlarga uyushtirgan hujumlarini, agar bu hujumlar mutanosib bo‘lsa, qonuniy deb bilishini aytdi.

“The New York Times” gazetasining yozishicha, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Kiyevga qilgan tashrifidan so‘ng o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan va endi ukrainalik harbiylarga Amerika qurollari yordamida Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga ruxsat berish tarafdori.

Shu bilan birga, Oq uyning pozitsiyasi o‘zgarishsiz qolmoqda. Umumiy qarashga ko‘ra, yetkazib berilgan qurollar Rossiya hududida hujum operatsiyalari uchun emas, balki mudofaa uchun mo‘ljallangan.

Eng uzoq masofaga uchuvchi raketalar esa Ukrainaga uch mamlakat – AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan yetkazib berilgan raketalardir. Hozircha ushbu raketalarning Rossiyaning xalqaro miqyosda tan olingan hududidagi ob’ektlarga nisbatan qo‘llangani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q.

Avvalroq Italiya va Ispaniya Rossiyaga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga qarshi chiqqan edi.

O‘z navbatida, Rossiya hukumati Ukraina harbiylarining Rossiya hududiga yoki Ukrainaning bosib olingan hududlariga har qanday hujumlarini "terrorizm" deb ataydi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Kiev G'arb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made