Kitobda er uxlab yotgan xotinini pichoqlab o‘ldirgani bo‘yicha qo‘shima ma’lumot berildi
3-sahifa
−
03 fevral 2021
16069Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida 27 yoshli erkak uxlab yotgan turmush o‘rtog‘ini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar bergandik. Hodisa joriy yilning 31 yanvar kuni soat 02:00 larda Sevaz qishlog‘ida yuz bergandi.
Kitob tuman IIBning navbatchilik qismiga shu kuni soat 04:00 da kelib tushgan xabarga ko‘ra, tuman prokuraturasi tergovchisi A.Jo‘rayev, tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajaruvchi E.Badalov, ekspert mutaxassislar, tezkor tergov guruhi a’zolari va boshqa tezkor xodimlar voqea joyiga yetib borgan va hodisa joyidan qon dog‘lari, qonga o‘xshash dog‘lari mavjud 1 dona oshxona pichog‘ini protsessual tartibda rasmiylashtirib olgan.
“Biron sas eshitmaganman bu xonadondan, hattoki bir muammosini ham bilmaganman. Quvnoq, yaxshi kelinchak edi. Xo‘jayini ham hunarmand edi. Uydan ko‘chaga chiqib, bezorilik qilib yurgan bola emas”, deydi “Sevaz” MFY raisining o‘rinbosari Tanzila Niyozova “Zamon” informatsion dasturi lavhasida.
Kuyovning otasi o‘g‘li va kelini o‘rtasida kelishmovchilik yuz bermaganini ta’kidlab, voqeadan o‘ziga kela olmayotganini aytdi.
“O‘g‘lim yonimizga kelib, nevaram Zarinani yig‘layapti qaranglar, dedi. Onasi qani desak, onasi o‘ldi, dedi. Men birdan tez yordam chaqirdim. Menga qolsa, o‘g‘lim o‘lib ketgani ma’qul edi”, deydi kuyovning otasi.
Shuningdek, ota o‘g‘lini asab kasalliklari bo‘yicha davolatib kelganini ta’kidlab o‘tdi. Qotil erning qilmishini izohlagan tog‘asi uning ruhiy kasal sifatida ro‘yxatda turishini aytib, davolanib chiqqach, uch oy davomida “Klozapin” tabletkasini ichib yurganini bildirgan.
“Bir yashar nabiramiz bor edi, mana u chirqillab qoldi. Uni har kuni ko‘rib, bir yil umrim kamayadi. Beradigan narsamni boy berib bo‘ldim”, deydi kelinning otasi.
Qashqadaryo viloyati IIB, tuman hokimligi va prokuraturasi ishtirokida mazkur jinoyat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgan. Jinoyatni keltirib chiqargan sabablar jamoatchilik orasida keng muhokama qilingan.
Holat yuzasidan tezkor tergov guruhi tomonidan o‘rganish o‘tkazilganda marhuma turmush o‘rtog‘i bilan kechasi janjallashib qolgani, oqibatda er turmush o‘rtog‘iga jarohat yetkazib qotillik jinoyatini sodir etgani aniqlangan.
Marhumaning turmush o‘rtog‘iga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda erkakka nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.