Kirish imtihonlarida eng past ballni qaysi viloyat abituriyentlari olgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
21 avgust 2023
78125Joriy yilda maktabni bitirgan abituriyentlarning test sinovida ko‘rsatgan natijalari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, imtihonga kirgan 359 ming 790 nafar maktab bitiruvchilaridan 36 foizi (129 ming 609 nafar) 56,7 balldan kam to‘plagan. Hududlar kesimida Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi maktab bitiruvchilari eng yuqori ballarni egallagan bo‘lsa, Surxondaryo, Toshkent, Andijon viloyatlaridagi maktab bitiruvchilari eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgan.
Buxoro viloyatida maktab bitiruvchilari o‘rtacha 86,4 ball to‘plagan. Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 70,4 ballni tashkil qilgan.
Ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda jami abituriyentlarning salkam yarmi (49,4 foiz) o‘tish balining eng quyi chegarasi bo‘lgan 56,7 balni ham to‘play olmagan. 56,7 balldan kam to‘plagan abituriyentlarning 70,5 foizi avvalgi yillarda o‘qishni tugatganlar bo‘lsa, qolgan 29,5 foizi joriy yilgi bitiruvchilar bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 mln 18 ming 7 nafarni tashkil etgan. Shulardan 948 486 nafar abituriyent test sinoviga loyiq deb topilgan, ammo ulardan 59 866 nafari imtihonga kelmagan. Shuningdek, 13 kun davom etgan imtihonlardan jami 148 nafar abituriyent testdan chetlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi imtihon kuni 13 avgustda bo‘lib o‘tgan. Qonunchilikka ko‘ra, mandat shu sanadan boshlab 1 hafta ichida, ya’ni 20 avgust kuni e’lon qilinishi kerak edi. Ammo mandat natijalari hali e’lon qilinmadi.
LiveBarchasi