Kirim yo‘q joyda chiqim bor...mi? Karantinda soliq imtiyozlari yana bir bor tushuntirildi
Jamiyat
−
13 aprel 2020
6902Karantin sabab O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan do‘konlar, savdo nuqtalari, xizmat ko‘rsatish joylari yopildi. Tabiiyki, tadbirkorlar orasida savollar paydo bo‘ldi. Soliq nima bo‘ladi, kreditni qanday yopamiz va shunga o‘xshash. Bu, albatta, haqli savol. Kirim bo‘lmagach, chiqim qilish kimga ham yoqardi?
Bugun, 13 aprel kuni AOKA shtabida o‘tkazilgan brifinga Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov mazkur masalaga to‘xtalib o‘tdi va davlat tomonidan berilgan imtiyozlarni sodda, xalqchil tilda tushuntirib berdi.
“2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi 50 foizga pasaytirildi.
Biroq faoliyat yuritayotgan YATTlar qat’iy belgilangan soliqni to‘liq miqdorda to‘lab boradi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini soliq auditidan o‘tkazish to‘xtatildi”, dedi Fazliddin Umarov.
Rasmiy vakilning ta’kidlashicha, karantin e’lon qilingunga qadar amalga oshirilgan faoliyati bo‘yicha soliq majburiyatini bajarishida tafovutlar aniqlansa, u haqida soliq to‘lovchi xabardor qilinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini 15 aprelda teng ulushda emas, balki 15 oktyabrga qadar to‘lashlari mumkin.
“Yuridik shaxslarga 2020 yil 1 oktyabrga qadar mol-mulk va yer soliqlarini keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan foizsiz kechiktirib to‘lash (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi berildi”, dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Ushbu huquqdan Mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan, faqatgina soliq organlarini xabardor qilgan holda foydalanish mumkin.
“Karantin sharoitida aholiga asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida xukumatimiz tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan:
Aholi yashash joylarida jami 4 ming 862 ta, shundan 2286 ta ko‘chma va 2576 tasi muqim asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari savdosi yarmarkalari tashkil qilindi”, dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov.
Ma’lumot o‘rnida, uydan chiqmagan holda Soliq mobil ilovasi yoki boshqa elektron to‘lov tizimlari (Clikc, Payme va h.k.) orqali soliqlarni to‘lash imkoniyati yaratilgan.
LiveBarchasi