Kindigini qo‘lim bilan uzdim, keyin tashlab yubordim – Farzandini hojatxonaga tashlagan ona (video)

Jamiyat 16041

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ayol o‘z farzandini bozor hojatxonasida dunyoga keltirib, so‘ng uni o‘sha hojatxonaga tashlab ketgani haqida xabar bergan edik. 

1999 yilda tug‘ilgan fuqaro F.T. asli Surxondaryoning boshqa tumanida istiqomat qiladi. U Denovdagi “Xabibobod” bozoriga kuyoviga kiyim olgani borgani, o‘sha vaqt birdan og‘riq bo‘lib, to‘lg‘oq tutganini aytdi. 

“Birdan og‘riq boshlandi va kuchayaverdi. Men nima bo‘lishini bilmas edim. Keldi, qo‘limga oldim, kindigini qo‘lim bilan uzdim. Ovozi chiqmadi, keyin qo‘rqqanimdan tashlab yubordim. Ikkinchi marta yana qaytib keldim, ovozi chiqmadi. O‘lgan deb o‘yladim”. 

F.T. so‘zida davom etarkan, chaqalog‘ining jinsi qiz ekanini bilishi, biroq uning yuziga ham qaramay tashlab yuborganini aytadi. Uning qayd etishicha, bolaning otasi Rossiyaga ketib qolgan. Ayol unga homilador ekanini aytmagan. 

Chaqaloq qanday qutqarib qolindi?

Shu kuni F.T.dan keyin hojatxonaga kirgan ayol chaqaloq ovozini eshitgach, ichki ishlar xodimiga xabar bergan. Ichki ishlar xodimi chaqaloqni qo‘li bilan hojatxona o‘rasidan chiqarib olgan va unga zarar bermay yuvuntirgan.

Bugun chaqaloq Sog‘liqni saqlash vazirligining nazoratiga olingan. U Denov tumani Markaziy shifoxonasiga qarashli 2-sonli tug‘ruq bo‘limida saqlanmoqda. Chaqaloq sun’iy ravishda oziqlantirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro F.T.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25, 99-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 360
Reyting: 4.0
Teglar