Kimning vakili Kremlda Putin bilan uchrashdi

Olam

image

Kecha, 19 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Chxve Son Xi bilan uchrashdi va Moskva “maxsus harbiy operatsiya” deb ataydigan harakatlarda ko‘rsatilgan yordam uchun unga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Kreml xabar qildi.

Kreml ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda Chxve Son Xi Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yaqinda mamlakatning Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaganini aytgan. Uchrashuvda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ham ishtirok etgan.

Putin, shuningdek, KXDR Davlat ishlari raisi Kim Chen Inga eng samimiy salomlarini yo‘llagan.

Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya qo‘shinlari 2024 yilda Rossiyaning g‘arbidagi Kursk viloyatiga Ukraina tomonidan amalga oshirilgan yirik hujumni qaytarishda Rossiyaga yordam bergan. Ukraina qo‘shinlari 2024 yil avgust oyida chegarani kesib o‘tib, bir necha oy davomida Kursk viloyatining katta qismi ustidan nazoratni saqlab turgan edi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi shartnoma doirasida Shimoliy Koreya Kursk viloyatida Rossiya tomonida jang qilish uchun taxminan 14 ming nafar harbiyni yuborgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In s’ezd davomida yoshlarni Koreya Mehnat partiyasi vazifalarini bajarishda asosiy kuch deb atagan va ularni Ukrainadagi urushda Rossiya tomonida turib jang qilishga targ‘ib qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing