Kimlar bog‘cha puli to‘lashdan ozod qilinadi? 

Jamiyat

image

O‘zbekistonda vatan himoyasi va tinchligi yo‘lida yaralangan yoki halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari bog‘cha to‘lovidan ozod qilinadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma qarorida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 22 avgust kuni qabul qilingan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining qo‘shma qarori bilan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar ta’minotiga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Xususan, boquvchisini yo‘qotgan ayollarning farzandlari, shuningdek vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning farzandlari kvotadan qat’i nazar ota-onalar to‘lovidan ozod qilinishi to‘g‘risida qo‘shimcha kiritilmoqda.

Nizomga ko‘ra, ota-onalaridan biri yoki ikkalasi I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati mahalla tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumotnomaga va tegishli maktabgacha ta’lim muassasasi ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va shu yilning 22 avgust kunidan kuchga kirgan.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha imtiyoz bog'cha puli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing