Shimoliy Kipr taqdiri nima bo‘ldi?
Olam
−
11 noyabr 2022
13415Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishidagi nutqida gapirgan.
Gap shundaki, ayni vaqtda Turkiyadan boshqa dunyoning hech bir mamlakati tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi sifatida qabul qilinishi katta muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.
Avvaliga Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li o‘zining Twitter’dagi sahifasi orqali Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi o‘laroq qabul qilinganini yozgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov turkiyalik mavqedoshining aytganlarini rad etib, sammit natijasida Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmagani, O‘zbekiston, ayniqsa, davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi masalalarida xalqaro huquq normalariga qat’iy amal qilishi, Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytib chiqdi.
Biroq, vaziyat Norov aytganichalik ham emasdek. Chunki, ushbu sammitda Turkiya rahbari Erdo‘g‘an Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qabul qilinganini ishonch bilan ta’kidlab, buning uchun TDT davlatlari rahbarlari minnatdorlik bildirgan.
“Birodarlik qonuni talablarini bajargan holda, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini [Turkiy davlatlar] tashkilotimizga kuzatuvchi davlat o‘laroq qabul qildik. Turk dunyosining ajralmas bir qismi bo‘lgan kiprlik birodarlarimizning yolg‘iz emasligini ko‘rsatib, yechim jarayoniga ham hissa qo‘shdik. Ushbu birdamlik irodasini namoyon etganingiz uchun siz, aziz birodarlarimning har biringizga alohida minnatdorlik bildiraman”, dedi Erdo‘g‘an o‘z nutqida.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi faqat Turkiya tomonidan tan olingan davlat va uning iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordamiga juda bog‘liq. Turkiya Shimoliy Kipr ko‘magida o‘z qo‘shinlari kontingentini Shimoliy Kiprga joylashtirmoqda. Kipr Respublikasi va BMT uni bosqinchi kuch deb hisoblaydi. Respublika Islom Hamkorlik Tashkilotiga kuzatuvchi sifatida a’zo.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi taxminan 294 906 kishi bo‘lib, 3355 km² maydonda yashaydi. Aholining katta qismini etnik turklar tashkil etadi. Ularning anklavlarida qolgan kipr yunonlari va livanlik maronitlar ham yashaydi. Shimoliy Kipr Respublikasi poytaxti Kipr Respublikasi va Shimoliy Kipr Respublikasi o‘rtasida bo‘lingan Lefkosa (Nikosiya) shahri.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Kiprning qolgan qismidan bufer zona bilan ajratilgan. Orolni ikki sektorga ajratuvchi chiziq Kiprdagi BMT tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan qo‘riqlanadi.
LiveBarchasi