Kim o‘zi u Putin janoblari? Xaloskor yoki diktator, balki Amerikaning qo‘g‘irchog‘idir? (2-qism)

Tahlil

image
Kreml sirlari: 6 yil avval Putinning ashaddiy raqibi Nemsov o‘ldirilgandi north_east

Kreml sirlari: 6 yil avval Putinning ashaddiy raqibi Nemsov o‘ldirilgandi

Panjara ortida ham Putinga tinchlik bermayotgan Navalniy aslida kim?  north_east

Panjara ortida ham Putinga tinchlik bermayotgan Navalniy aslida kim? 

Kim o‘zi u Putin janoblari? Prezident yoki samarqandlik kirakash? (1-qism) north_east

Kim o‘zi u Putin janoblari? Prezident yoki samarqandlik kirakash? (1-qism)

Kecha, 7 may kuni Rossiya davlat rahbari Vladimir Vladimirovich Putinning prezidentlik vazifasiga kirishganiga 21 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan QALAMPIR.UZ’da bu siyosiy figuraning shakllanish tarixi va shaxsiga oid maqola e’lon qilindi.

Unda Putinning Samarqand shahrida tug‘ilgani haqidagi mish-mishlar va Germaniyada razvedchiklik qilgani hamda kirakashlik ortidan ro‘zg‘or tebratish to‘g‘risida o‘ylab yurgani, shundan 3 yil o‘tar-o‘tmas eng yirik davlat Prezidentiga aylangani borasida batafsil ma’lumot berilgan.

QALAMPIR.UZ’ning bugungi maqolasida ushbu mavzuning mantiqiy davomi sifatida Prezident Putinning 21 yillik siyosiy faoliyati va undagi o‘nqir-cho‘nqirlar haqida so‘z boradi. Shu o‘rinda, uning Ikkinchi Checheniston urushidagi harakatlari, Dog‘istonning xaloskoriga aylangani, siyosiy raqobatchilariga qarshi kurashi va mamlakat konstitsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar hamda “Putin – Amerikaning qo‘g‘irchog‘i” qabilidagi fikrlarga to‘xtab o‘tiladi.

Chechenistondagi urush

1999 yilda lavozimini muddatidan oldin tark etgan Rossiyaning birinchi Prezidenti Boris Yelsin yosh Putinga iqtisodiyoti nuragan, bir qismida urush boshlangan va hatto poytaxtida ham teraktlar sodir bo‘layotgan Rossiyani qoldirdi. Putin Rossiya Prezidenti vazifasini bajaruvchiga aylanganida mamlakatning shundoqqina biqinada, aniqrog‘i Chechenistonda urush bo‘layotgan edi. Bu tarixda Ikkinchi Checheniston urushi nomi bilan qolgan. Urush boshlanishiga esa harbiy terrorchilarning Checheniston hududidan qo‘shni Dog‘istonga bostirib kirgani sabab bo‘lgan. Terrorchilar u yerda Dog‘iston Islom Respublikasini ham tuzishga ulgurgan edi.

Putin harbiy harakatlar avjida bo‘lgan Dog‘istonga 1999 yilning avgust oyida tashrif buyurdi. U bilan birga hozirda Rossiya Milliy gvardiya federal xizmatining direktori Viktor Zolotov, mamlakat Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham kelgan va butun safar chog‘ida Putinni qo‘riqlab, unga hamrohlik qilgan.

Foto: Vladimir Putin va Viktor Zolotov

Putin yig‘ilgan mahalliy aholi va harbiylar orasida nutq so‘zlab, Dog‘istonni Rossiya shunday og‘ir ahvolda tashlab qo‘ymasligini ma’lum qildi. Terroristlarga qarshi jangda faollik ko‘rsatgan dog‘istolik o‘g‘lonlarning barchasi o‘sha uchrashuvning o‘zidayoq Putin tomonidan medallar bilan taqdirlandi.

Putininng Dog‘istonga tashrifi chog‘ida dasturxon bezatildi va jangarilarga qarshi kurashda halok bo‘lganlar sharafiga qadah ko‘tarish taklif qilindi. Putin bu vaziyatda o‘zgacha yo‘l tutdi va shunday dedi:

“Yaradorlarning sog‘lig‘i uchun qadah ko‘tarmoqchiman. Lekin bizning oldimizda muammolar ko‘p va katta vazifalar turibdi. Buni yaxshi bilasiz. Sizlar dushman nimani reja qilgani va nimaga qodirligidan ham xabardorsiz, shunday ekan bo‘shashishga haqqimiz yo‘q. Agar hozir bo‘shashsak, Vatan himoyasi uchun jon berganlarning urinishlari bekor ketgan bo‘ladi.

Men sizlarga ushbu bakallarni joyiga qo‘yishni taklif qilaman. Avval ishni qilaylik keyin, albatta, ichamiz.”

Bu xatti-harakatlar Putinni o‘rab turgan harbiylar va dog‘istonliklar orasida iliq fikr uyg‘otdi. Putinning maqsadi esa Dog‘iston va Chechenistonni terroristlardan ozod qilish hamda bu ikki respublikani Rossiya tarkibida saqlab qolish edi va yakunda shunday ham bo‘ldi. Asosiy harbiy harakatlar 2000 yilning bahoriga kelib ancha tinchidi. Yelsin davrida o‘rnatilgan “Terroristlarga qarshi kurash operatsiyasi” rejimi ham keyinroq bekor qilindi.

Rossiyaning oyoqqa turishi 

Putinning 2000-2008-yillardagi prezidentlik davrida amalga oshirgan iqtisodiy islohotlarni sarhisob qilgan AQSHning “The Wall Street Journal” nashri quyidagicha xulosa berdi:

“Mamlakat iqtisodiyoti nafaqat o‘tgan asrning 90-yillarida yo‘qotilgan o‘rniga qaytdi, balki sho‘rolar davrida amalda mavjud bo‘lmagan xizmat ko‘rsatish sohasini yaratdi. Shu o‘rinda, Rossiyaning valyuta zaxirasi Xitoy va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘ringa ko‘tarildi”. 

2008 yil mart oyida Jahon bankining Rossiya bo‘yicha bosh iqtisodchisi xalqaro moliya inqirozi fonida jahon iqtisodiy o‘sishining pasayishi kuzatilayotganda mamlakat yaxshi natijalar ko‘rsatayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyani dunyodagi iqtisodiy barqarorlik “orol”laridan biri deb hisoblash mumkin va bu makroiqtisodiy siyosat, ichki talabning o‘sishi, to‘plangan valyuta zaxiralarining darajasini aks ettiradi.

Siyosiy raqobatchilariga qarshi kurash

Yer sayyorasining eng yirik davlatiga rahbar bo‘ladi-yu, dushmani bo‘lmaydimi. Rossiya Prezidentining raqiblari ko‘p va bu tabiiy. Ularning orasida Putinning lavozimiga ko‘z tikkan, tanqid qilgan va mamlakat prezidentligi uchun poygada unga qarshilik ko‘rsatgan figuralar, turli xil oligarxlar, tashqi kuchlar va “parda ortida turgan” elita bor edi.

Mixail Xodorkovskiy. U hozirgi kunda Buyuk Britaniya poytaxti Londonda yashaydi. Xodorkovskiy o‘z vaqtida Rossiyaning eng boy odami bo‘lgan. U aynan o‘sha davrda Putin bilan “sen-menga borgan”.

Foto: Vladimir Putin va Mixail Xodorkovskiy

2003 yil fevral oyi. Prezident Putin mamlakatning eng yirik tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ishbilarmonlar orasida, tabiiyki Xodorkovskiy ham bor edi. Ikki o‘rtadagi konflikt aynan shu uchrashuvda boshlandi.

“Mamlakatda korrupsiya avjida va bu aynan hukumatdan boshlanadi. Jinoyatga botgan tizimni isloh qilish uchun, sizning byurokratiyangizni o‘zgartirish kerak. Amaldorlaringiz bo‘lsa nafaqat pora oladi, balki talab ham qiladi”, degan edi uchrashuvda so‘zga chiqqan Xodorkovskiy Putinning ko‘zlariga qarab.

Oradan bir necha oy o‘tib Xodorkovskiy hibsga olindi va soliqlarni to‘lamaganlikda hamda firibgarlikda ayblanib qamaldi. Oradan 10 yildan ortiq vaqt o‘tib u ozod qilindi va darhol mamlakatni tark etdi.

Boris Nemsov. U Rossiyaning birinchi Prezidenti Boris Yelsin davrida Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan. O‘sha vaqtlar siyosiy elita orasida Nemsov Yelsinning davomchisiga aylanadi, degan gaplar ham yurardi. Xusasan, Yelsinning o‘zi ham buni bir necha bor takrorlagan. Yakunda esa Nemsov emas Putin Rossiya prezidentligiga loyiq ko‘rildi.

Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan keyin, Nemsov asta-sekin muxolifat pozitsiyasiga o‘tdi. 90-yillarda hokimiyatga yaqin bo‘lgan boshqa ko‘plab “qahramonlar”dan farqli o‘laroq, Nemsov Putin ta’siri ostidagi yangi avtoritarizmga qo‘shilishga harakat qilmadi. Siyosatchi 2000-yillarda bergan intervyusida Putinning yakka hokimligi kuchayib ketishidan qo‘rqish kerakligi va nima uchun mamlakat shu sharoitda rivojlana olmasligi haqida gapirgan.

Keyingi yillarda Nemsov Putinning ashaddiy tanqidchisi va unga qarshi muxolifatchi bo‘lib shakllandi. Oxir-oqibat u 2015 yilning fevral oyida naqd Kreml oldida otib tashlandi.

Aleksey Navalniy. U bugungi kunda Rossiya muxolifati yetakchisi va hozirda panjara ortida. Putinning siyosiy dushmanlari orasida, aynan, Navalniy unga ko‘p bosh og‘riq bo‘lgan. O‘tgan yillar davomida Aleksey Korrupsiyaga qarshi fondga asos solib, atrofiga kuchli jamoa to‘pladi. Ushbu komanda bilan bir qator surishtiruv ishlarini olib borib, Putin atrofiga qurilgan ko‘plab korrupsion sxemalar haqida hujjatli filmlar oldi va Kreml kirdikorlarini ochib tashladi.

2020 yilda esa Navalniy “Novichok” kimyoviy-harbiy moddasi bilan zaharlandi va o‘lishiga ham bir baxya qoldi. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, uni aynan Putinning ko‘rsatmasi bilan zaharlashgan. Omon qolgan Navalniy Germaniyada davolanib, Vatani Rossiyaga qaytdi va o‘sha vaqtning o‘zidayoq hibsga olindi. Keyinroq, “Iv Roshe” kompaniyasining pullarini o‘zlashtirishda ayblanib 3,5 yilga qamaldi.

Rossiyaning “imperialistik” harakatlari

O‘zbekistonlik siyosatshunos, hozirgi kunda Fransiyada istiqomat qilayotgan Kamoliddin Rabbimov Putinni “imperialist”, ya’ni boshqa mamlakat hududlarini egallab olish va ularning ustidan siyosiy yoki iqtisodiy nazorat o‘rnatish uchun harbiy kuch ishlatishga intiluvchi siyosatchi, deb tariflagan.

“Putin – imperialist, u hokimiyatga kelishi bilan SSSR parchalanishini “XX asrning eng katta fojiasi” sifatida ta’riflagan edi. Putinni barcha geosiyosiy intilishlari asosida sobiq ittifoq hududlarini nazorat qilish, har xil integratsion loyihalarni amalga oshirish bor”, deb yozadi u.

Rabbimovning fikrlarini butkul inkor qilish imkonsiz. Negaki 2014 yilda Ukrainada boshlangan tartibsizliklar vaqtida Rossiya Qrim orolini anneksiya qildi.

Putin Amerikaning qo‘g‘irchog‘i

Siyosiy bilimga ega insonlar bilan birgalikda, Putinning prezidentlik faoliyatidan norozi bo‘lgan ziyolilar orasida u haqida dadil aytilgan g‘alati fikrlar ham yuradi. Ta’kidlanishicha, Putin AQSHning qo‘g‘irchog‘i, Markaziy razvedka boshqarmasining odami.

“Putinning Rossiyani zaiflashtirish uchun yo‘llangan Markaziy razvedka boshqarmasi agenti ekani borasidagi fitna nazariyasi yangi dalillar orqali yanada boyishi mumkin. Kreml dastlab madaniy va siyosiy jihatdan bo‘linib ketgan Ukrainani birlashtirish uchun o‘z sa’y-harakatlarini amalga oshirdi va oqibatda mamlakatni Rossiyaning birinchi raqamli dushmaniga aylantirdi. Aynan Putin uchun Ukrainaning yagona milliy davlat sifatida birlashishi juda zarur edi. Kremlning butunlay tushkun ahvoldagi Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlashga o‘tishi ilgari Rossiyaga sodiq bo‘lgan belaruslarning endilikda undan hafsalasi pir bo‘lishiga olib keladi”, deya yozmoqda Iqtisodiy rivojlanish markazining direktori Yuliy Yusupov.

Shunga o‘xshash fikrni siyosiy fanlar doktori, 2003-2007-yillarda Rossiya Davlat Dumasining deputati bo‘lgan Andrey Savelyov ham aytgan.

“Putin Rossiya tarixidagi eng amerikaparast hukmdordir. U mamlakat davlatchiligini bezakka, boshqaruv tizimini esa aholini talon-taroj qilish mexanizmiga aylantirgan jahon oligarxiyasi uchun eng maqbul va foydali bo‘lgan siyosiy arbob”, deydi u.

Balki yuqoridagi fikrlarga yetarlicha asos bordir, chunki Putin davrida bir qator hududlar: 2005 yilda Rossiya tarkibidagi 337 km² kattaligidagi hudud Xitoyga, 2010 yilda Rossiya nazoratidagi 87 500 km² bo‘lgan dengiz suvlari Norvegiyaga o‘tib ketgan. Bundan tashqari, Putin – AQSHning qo‘lidagi qo‘g‘irchoq, deb hisoblovchilar Rossiyaning sanksiyalarga botgani, iqtisodiyoti ham havas qilar darajada emasligi hamda mamlakatda korrupsiya avj olganini 21 yillik Prezidentning “mehnatlari” bilan bog‘laydi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar

Putin prezidentligining ilk yillarida mamlakat bosh qomusi – Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish haqida fikr bildirilsa, u bunga darhol qarshi chiqardi. Lekin vaqt o‘tib, “taxt”ga qulayroq joylashib olgan Putinning bu borada fikrlari ham o‘zgardi.

Jumladan, u 2001, 2003 va 2005 yillarda Konstitutsiya haqida “hech narsani o‘zgartirmaymiz”, degan bo‘lsa, 2007 yilga kelib “ha, biror narsani o‘zgartirsa bo‘ladi”, degan.

Shu bilan 2008 yilda Rossiya Kontstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, mamlakat Prezidentining vakolatlari kengaytirildi. 

2013 yilga kelib, Putin ushbu bosh qonunga o‘zgartirish kiritish borasida yanada dadilroq gapirishni boshladi:

“O‘zgartirish mumkin va buni qilish kerak”.

Shu yili Rossiya prezidentligiga 3-marta saylangan Putin mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritdi. Endi u prokurorlarni tayinlash vakolatiga ega bo‘ldi.

2014 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan navbatdagi o‘zgartirishga ko‘ra, Prezident mamlakat Xavfsizlik Kengashiga Rossiya Federatsiyasining vakilini tayinlash vakolatini oldi.

Eng yirik o‘zgartirish o‘tgan 2020 yilda amalga oshirildi. Unga ko‘ra, Putinning mamlakat rahbarligidagi faoliyati nollashtirildi va endi u 2036 yilga qadar Rossiyani boshqarish imkoniyatiga egab bo‘ldi. Ushbu mamlakatda keyingi prezidentlik saylovlari 2024 yilda bo‘lib o‘tadi va agar yana Putin g‘alaba qozonsa, bu hisob bo‘yicha beshinchisi bo‘ladi.

Putinning siyosiy raqiblari shunchaki, mamlakatni tark etsa, muxolifatchilar o‘ldirilsa yoki qamalsa, mamlakatda so‘z erkinligi mavjud bo‘lmasa, inson huquqlari toptalsa, istagancha Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritib, 20 yillab mamlakatni boshqarsa, bu diktatura bo‘lmay nima?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1043

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing