Kim o‘zi u Putin janoblari? Prezident yoki samarqandlik kirakash? (1-qism)

Tahlil

image

O‘tgan asrning 90-yillar oxiri. Rossiyaning birinchi Prezidenti Yelsin iste’fo berish harakatiga tushib qoldi. Bunga yetarli sabablar paydo bo‘lgandi. Mamlakat parlament komissiyasi unga qarshi bir necha punktdan iborat ayblovlar hujjatini shakllantirib qo‘ydi. Bu ayblovlar o‘z ichiga SSSRning qulagani, mamlakat mudofaa qobilyatini yo‘qotgani, Chechenistonda urush boshlangani, mamlakat Oliy Kengashini tarqatib yuborgani uchun javobgarlikka tortish kabi bandlarni olardi.

Yelsin o‘ziga voris tanlashi kerak edi. Bu davrda Vladimir Putin Rossiya siyosiy elitasi orasida mashhur bo‘lib borayotgandi. Nomzodlar ichida Putindan tashqari Anatolay Chubays, Boris Nemsov va hatto Aleksandr Lukashenko ham bor edi. Biroq Yelsin Putinni tanladi.

Yangi, XXI asr. Rossiyada 2000 yilning 26 mart kuni mamlakat prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Uning natijasiga ko‘ra, Vladimir Vladimirovich Putin 51 foiz ovoz to‘plab g‘alaba qozondi. 7 may kuni esa u o‘z vazifasiga kirishdi. Bugun o‘sha kunga 21 yil to‘libdi. Bu davrda qanchadan qancha davlatlarda rahbar, Bosh vazir va Prezidentlar almashdi. Lekin Putin hali ham iqtidorda. Vaholanki, u endi Prezident etib saylanganida, dunyo uni nafaqat tanimas, balki tan olmas ham edi.

Quyida Rossiyaning sobiq imperatorlari – Aleksandr, Nikolay va Pyotrlar kabi mamlakatni 20 yildan ortiq boshqarib kelishga muvaffaq bo‘lgan Putin shaxsiga to‘xtalamiz. Shu o‘rinda uning O‘zbekistonda, aniqrog‘i Samarqand shahrida tug‘ilgani to‘g‘risidagi mish-mishlar, SSSR razvedkasidagi faoliyati hamda tirikchilik uchun kirakashlik qilish haqida o‘ylagani to‘g‘risida so‘zlab beramiz.

Putin samarqandlikmi?

Rossiya Prezidenti Administratsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Vladimir Vladimirovich Putin 1952 yilda SSSR vaqtidagi Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. Ushbu rasmiy ma’lumotlarga qaramay, omma orasida Putinning Samarqandda tug‘ilgani haqida mish-mish ham keng tarqalgan. Bunga qaysidir ma’noda Vladimir Vladimirovichning SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasida ishlagani ham sabab bo‘lgan. Albatta, bunday maxfiy strukturada xodimlar haqidagi ma’lumotlar qattiq sir saqlanishi tabiiy va axborot yetishmasligi o‘z-o‘zidan dezinformatsiya keltirib chiqaradi.

Shu o‘rinda, Rossiyaning o‘zida, siyosiy ziyolilar orasida Prezident Putinning kelib chiqishi mavhumligicha qolmoqda. Jumladan siyosiy fanlar doktori, 2003-2007-yillarda Davlat Dumasi deputati bo‘lgan Savelev Andrey o‘z blogida shunday deb yozgan:

“Darhaqiqat, Putinning tarjimai holi yo‘q. Bu insonning kelib chiqish tarixi o‘ylab topilgan. Aniq ma’lumotlar mavjud emas. Uning ota-onasi kim bo‘lgani, haqiqatan ham noma’lum. Uning oilasi qayerdan kelganini hech kim bilmaydi. Go‘yo Putinning umuman qarindoshlari yo‘qdek. Maktabda uning yonida o‘qiganlar yoki hech narsani eslolmaydi yoki hamma narsani unutishga majbur qilingan”.

Rossiyada 2010 yili aholini qayta ro‘yxatga olish paytida Putin o‘zi haqida to‘xtalib o‘tgan. Aytishicha, uning millati rus. Otasi Vladimir Spiridonovich Ikkinchi Jahon urushida qantashgan, suvosti flotida xizmat qilgan. Onasi Mariya Ivanovna oddiy zavod ishchisi, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng “Leningrad himoyasi uchun” medali bilan taqdirlangan. Putinning otasi ham, onasi ham uning Rossiya Prezidentiga aylanishidan bir oz avval vafot etgan.

Qiziq holat, 2015 yili Prezident Putinning shaxsan o‘zi “Russkiy Pioner”  jurnali uchun yozgan maqolasida otasi 1998 yilda, onasi esa 1999 yilda vafot etgani haqida ma’lumot berilgan. Biroq, 2017 yilda Putun 3 karra “Oskar”ni yutgan Oliver Stounga bergan intervyusida esa, aksincha, birinchi onasi, keyin otasi vafot etganini aytgan. Haqiqat ham Putinning kelib chiqishi, oilasi haqidagi ma’lumot chigal. Balki, u rostdan ham samarqandlikdir.

Razvedchik Putin

Putin hali maktabda o‘qib yurgan kezlarida uning xonasida bir portret devorga osig‘liq turgan. Bu suratda Sovet Ittifoqi razvedkasining asoschilaridan biri Yan Berzin aks etgan edi. Putin Rossiya Prezidentiga aylanganidan so‘ng, yoshligi haqida aytib berar ekan, kichkinaligida razvedchiklar haqida filmlar tomosha qilishni yaxshi ko‘rgani va davlat xavfsizlik xizmatida ishlashni orzu qilganini eslagan.

O‘rta maktabni bitirgan 17 yoshli Putin SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasiga (DXQ–KGB) tashrif buyurdi. DXQda bo‘lajak mamlakat Prezidenti bilan suhbat o‘tkazishib, yakunda unga gumanitar bilimlarni chuqurroq o‘rganish bo‘yicha tavsiya berishdi.

Shundan so‘ng, u Leningrad Davlat universitetining yuridik fakulteti xalqaro bo‘limiga o‘qishga kirdi. O‘qish bilan birgalikda jismoniy tayyorgalikka ham alohida e’tibor qaratdi. U 1973 yilda sambo, 1975 yilda dzyudo sport turlaricha bo‘yicha Leningrad chempioni bo‘ldi.

Putin 1975 yilda o‘qishni bitirganidan so‘ng, avtomatik tarzda DXQga leytenant unvoni bilan yuborildi. Shu bilan Putin ushbu strukturada 1991 yilga qadar xizmat qildi. Bu orada Moskvadagi DXQ oliy maktabini hamda Andropov nomidagi Qizil bayroqli tashqi razvedka akademiyasini ham tamomladi. O‘qish davrida Putinning familiyasi Platov bo‘lgan (qoida bo‘yicha talabalar bir-birining asl ism va familiyasini bilmasligi kerak edi).

Putin xizmat vazifasini Germaniya Demokratik Respublikasida (GDR) o‘tagan. GDRda razvedchiklik qilgan davrida u bir favqulodda vaziyatni o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgan. “Rossiya 1” telekanalida namoyish etilgan “Putin” nomli film kadrlariga ko‘ra, Germaniyani ikki – GDR va GFRga ajratib turgan Berlin devori 1989 yilda qulaydi va nemislardan iborat namoyishchilar Putin xizmat qilayotgan DXQ bo‘limiga keladi. Ularning maqsadi SSSR razvedkasiga oid arxiv hujjatlarini qo‘lga kiritish edi. Putin esa qurol ishlatmasdan olomonni tarqatib yuborishga muvaffaq bo‘ldi va arxiv hujjatlarini yoqib yubordi. Moskvaga qaytgan Putin 1991 yilda ushbu strukturadan o‘z ixtiyori bilan ishdan ketdi.

Kirakashlik qilish haqida o‘ylardim – Putin

Tarixda “Avgust inqirozi” nomi bilan qolgan, SSSR parchalanayotgan bir davrlar edi. Putin bu vaqtlarda Volvo rusumli avtomobilida taksichilik qilish haqida fikr yuritgan.

Keyinroq esa u ish topishga muvaffaq bo‘ldi va o‘zi o‘qigan universitetda bir muddat Stanislav Merkurev ismli lektorga yordamchi bo‘lib yurdi. Aynan Merkurev uni Anatoliy Sobchakka tavsiya qildi. 1991 yilda Sobchak Sankt-Peterburgga mer etib saylanganidan so‘ng, Putin unga xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchi bo‘ldi. Uning vazifasi – asosan shaharga chetdan investitsiya jalb qilish bo‘lgan.

Foto: Vladimir Putin va Anatoliy Sobchak

1996 yilgi saylovlarda Sobchak yutqazib qo‘ydi va merlikdan ketdi. Tabiiyki, Putin ham ketdi. Lekin mer ma’muriyatidan unga qolish taklifi berilgandi. Biroq, Putin qolishni sotqinlik sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishdan ketganidan so‘ng, u yana kirakashlik qilish haqida o‘ylay boshlagan.

“Hattoki taksida pul topish haqida o‘ylardim. Hazillashmayapman, qayerga ham borardim. Ikki nafar kichkina bolam bor edi. Shunday qilib menga Moskvaga ko‘chib o‘tib, Prezident idorasida huquqiy masalalar bo‘yicha ishlashni taklif qilishganda rozi bo‘ldim va keldim”, deydi u.

Prezident Administratsiyaga joylashib olgan Putin ushbu strukturada sekin-sekin ko‘tarilib, 1998 yilda Administratsiya raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Oradan ikki oy o‘tib, Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga (FXX) direktor, keyinroq esa mamlakat Xavfsizlik Kengashiga kotib etib tayinlandi. Ushbu mas’uliyatli lavozimlarda Putin bir qator islohotlar o‘tkazib, o‘zini ko‘rsatdi. Bu vaqtda mamlakat siyosiy elitasining orasida Rossiyaning birinchi Prezidenti Yelsinning ketishi va uning o‘rnini Putin egallashi haqida gap tarqala boshladi. Siyosatshunos olim va jurnalistlar ham Putinni ishonchli vakil sifatida ko‘rardi.

Nihoyat, 1999 yilning may oyida Prezident Yelsin hokimiyatni Putinga topshirishga qaror qildi. Taksistlik qilish fikrida yurgan yigit 3 yil o‘tar-o‘tmas dunyodagi eng katta davlatga rahbar bo‘ldi.

“Who is mister Putin?”

1999 yilning 31 dekabr kuni Yelsinning iste’fo berishi ortidan Putin Rossiya Prezidenti vazifasini bajaruvchiga aylandi. 2000 yilga kelib u mamlakat prezidentligiga saylovda g‘alaba qozondi. O‘shanda hali dunyo Putinni tanimas, jahon siyosiy arenasida u bir “no name” odam edi. 

Yangi asrga qadam qo‘yilgan yili Rossiya delegatsiyasi har yili Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan “Butunjahon iqtisodiy forumida” qatnashdi. Ushbu forumda dunyoning liderlari, olimlari va eng obro‘li shaxslari yig‘ilib insoniyatning kelajagi va dunyodagi aktual muammolar haqida erkin suhbat quradi. 2000 yilgi forumda Rossiyadan kelgan siyosatchilardan tashqari o‘sha davrdagi AQSH Prezidenti Bill Klinton, Britaniya Bosh vaziri Toni Bler, Microsoft kompaniyasining asoschisi Bill Geyts, Falastinni ozod qilish tashkilotining raisi Yasir Arafat ham qatnashgan.

Foto: Rossiya vakili Anatoliy Chubays, 2000 yil Davosda  

Forum doirasida Rossiyaning yangi Prezidenti haqida so‘ralishi, dunyo hamjamiyati tomonidan Putin shaxsiga nisbatan qiziqish bildirilishi tabiiy edi va shunday ham bo‘ldi. Biroq boshlovchining bergan “Who is mister Putin?” (kim o‘zi u Putin janoblari?), degan savoli Rossiya vakillari tomonidan bir muddat javobsiz qoldirildi. Bu sukunat forumga yig‘ilganlar orasida go‘yoki Putin kimligini Rossiyaning o‘zida ham bilishmas ekan, degan hayol uyg‘otdi va butun zal birdaniga kulib yubordi. Bu voqeaga ham 21 yildan oshibdi, ushbu davr mobaynida AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab davlatlarda hukumat va Prezidentlar almashib ketdi. Lekin Putin hali ham iqtidorda va hech ham ketish niyati yo‘q. Ko‘rinib turibdiki balki, Rossiya vakillari o‘sha vaqtda Putin kimligini ayta olmagandir, lekin o‘tib borayotgan yillar ushbu savolga yaxshigina javob berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2729

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing