Kreml sirlari: 6 yil avval Putinning ashaddiy raqibi Nemsov o‘ldirilgandi
Tahlil
−
27 fevral 2021
27528Bundan olti yil muqaddam, aniqrog‘i 2015 yilning 27 fevral kuni Moskvadagi Katta Moskvoretsk ko‘prigida o‘q ovozlari eshitildi. Shundoqqina Kreml qarshisida rossiyalik siyosatchi, Boris Nemsov otib o‘ldirildi. Bu jinoyat ishi uzoq davom etib, shubhali yakunlandi. “Killer”ni kim yollagani, qotillikning sababi to‘g‘risidagi savollar haligacha ochiq qolmoqda. Lekin bir narsa aniqki, Nemsov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan, xuddi Navalniy kabi.
Rossiya prezidentligiga asosiy nomzod
Islohotchi Hukumatda Bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lgan yosh Nemsov 90-yillardayoq xalq orasida mashhur bo‘lgan. Chunki, u kichik va o‘rta biznes vakillarini himoya qilishga harakat qilar, gubernator bo‘lib yurgan vaqtlarida Gaydar Hukumatini ochiqdan ochiq tanqid qilishdan ham tab tortmas edi. Shunday bo‘lsa-da, o‘sha davrdagi Rossiya Prezidenti Boris Yelsin bilan juda yaxshi chiqishardi.
Boris Yelsin Nemsov uning davomchisi bo‘lishi haqida birinchi bor 1994 yilda so‘z ochgan. O‘sha paytda Rossiya Prezidenti Volga bo‘ylab oilasi bilan sayohat qilar, bu vaqtda Nemsov davlat ishalarida faollik ko‘rsatardi. Yelsin Nemsov uning davomchisi bo‘lishini AQSHga tashrifi chog‘ida Prezident Bill Klintonga ham, Germaniya kansleri Gelmut Kolga ham aytgan.
Biroq chechen urushi bo‘yicha Nemsovning qarashlari va 1998 yildagi Rossiya moliyaviy inqirozi Yelsin bilan rishtalarning uzilishiga olib keldi. O‘sha davrda Yelsinnig davomchisi bo‘lishga Belarus Prezidenti Lukashenko ham harakat qilib yurgan edi. Biroq “yugurganniki emas, buyurganniki”, deganlaridek, Putin Nemsovdan ham, Lukashenkodan ham abjir chiqdi va Rossiya Prezidentiga aylandi.
Vladimir Putin hokimiyatga kelganidan keyin, Nemsov asta-sekin muxolifat pozitsiyasiga o‘tdi. 90-yillarda hokimiyatga yaqin bo‘lgan boshqa ko‘plab “qahramonlar”dan farqli o‘laroq, Nemsov Putin ta’siri ostidagi yangi avtoritarizmga qo‘shilishga harakat qilmadi. Siyosatchi 2000 yillarda bergan intervyusida Putinning yakka hokimligi kuchayib ketishidan qo‘rqish kerakligi va nima uchun mamlakat shu sharoitda rivojlana olmasligi haqida gapirgan.
O‘sha mudhish kecha
2015 yil 28 fevralga o‘tar kechasi Nemsovning yaqin do‘sti Ilya Yashin o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Nemsov otib tashlandi. U vafot etdi”, deya xabar bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, Nemsovga 6 marotaba o‘q uzilgan: bosh, yurak, jigar va qorin qismiga. Siyosatchi voqea joyida vafot etgan.
O‘limidan 3 soat oldin Nemsov “Exo Moskvi” radiosiga bergan intervyusida Ukraina sharqida, aniqrog‘i Rossiya bilan chegaradosh qismida urush boshlanishiga hamda rus Hukumatida korrupsiya avj olishiga Prezident Putinni javobgar qilib ko‘rsatgan edi.
Bundan tashqari, 2 kundan so‘ng Moskvada namoyish bo‘lishi kerak edi. Ushbu namoyishni Boris Nemsov Aleksey Navalniy bilan rejalashtirgan. Biroq siyosatchining o‘limi ortidan ushbu namoyish motam yurishiga aylanib ketdi. Yurishda qatnashganlar siyosatchini o‘ldirgan qotillarni topish va jazolashni talab qilgan. O‘sha vaqtda Rossiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, 20 ming, namoyish tashkilotchilariga ko‘ra, 50 ming kishi norozilik yurishlarida qatnashgan.
Hukm
Nemsovga o‘q uzilgan pistolet topilmagan. Jinoyat Kreml yaqinida, Moskvaning qoq markazida sodir etilgan bo‘lsa-da, o‘sha ko‘chadagi biror bir kamera ob’ektiviga ushbu hodisa muhrlanmagan. Shubhali boshlangan sudda siyosatchining o‘limida ayblangan Zaur Dadayevga 20 yil, aka-uka Anzor va Shadid Gubashevlarga 19 va 16 yildan qamoq jazosi berildi. Uzoq muddatga huqm qilinganlar, dastlab aybini tan olgan bo‘lsa-da, keyinchalik qiynoqqa solingani bois shunday ko‘rsatma berganini aytgan.
Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qotillikka 5 yil to‘lganida yangi surishtiruv ishi o‘tkazishni so‘rab, ushbu jinoyat bo‘yicha to‘plangan dalillarni YeXHTning parlament assambleyasi bilan ulashishni so‘ragan.
Bunga javoban, Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov xalqaro surishtiruv Rossiya qonunchiligiga zid ekanini aytgan bo‘lsa, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ushbu jiyoiy ish bo‘yicha to‘plangan dalillar davlat siri ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi