Kim G‘arb davlatlarini keskin ogohlantirdi

Olam

image

Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yetakchisi Kim Chen In G‘arb davlatlariga keskin ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Uning aytishicha, agar AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyaga qarshi hujum qilsa, Shimoliy Koreya Qurolli kuchlari zudlik bilan harakatga o‘tadi. Kimning ta’kidlashicha, bu Pxenyanning muqaddas burchi hisoblanadi.

“Agar AQSH va G‘arb xizmatkorlari o‘zlarining arzon va sifatsiz qurollari bilan birodarimiz Rossiyaga hujum qilish niyatidan voz kechmasa, men hech ikkilanmasdan KXDR armiyasini ishga solish bo‘yicha buyruq beraman. Bu koreys-rus shartnomasining ruhiga muvofiq amalga oshadi”, dedi u.

Kim, shuningdek, Shimoliy Koreya armiyasining Rossiya tarafida urushda ishtirokini “ittifoqchilik majburiyatini ado etish” deb baholagan. U Shimoliy Koreya askarlari Rossiya armiyasi bilan “bir xandaqda turib, umumiy dushmanga qarshi kurashganini” ta’kidlagan. Shuningdek, KXDR hukumati hozirda Kiyevning harakatlarini diqqat bilan kuzatayotganini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish joiz, 2024 yilning iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurgandi. O‘shanda imzolangan strategik hamkorlik shartnomasi o‘tgan yili kuzda ratifikatsiya qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum qilinsa, ikkinchi tomon harbiy va boshqa shakllarda darhol yordam ko‘rsatishga majbur.

Janubiy Koreya razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiya tomonida urushga 15 minggacha askar yuborgan. Ular, asosan, Kursk viloyatida jang qilgan. 4000 nafardan ortig‘i halok bo‘lgan yoki yaralangan, bu esa ularning zamonaviy urushga tayyor emasligidan darak beradi. Joriy yilning aprel oyida Shimoliy Koreya armiyasining urushda qatnashganini rasman tan oldi.

“Reuters” xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiya artilleriyasining yarmiga yaqin snaryadlarni yetkazib bermoqda. Ba’zi qismlarda bu ko‘rsatkich 100 foizgacha yetadi, ya’ni ular butunlay KXDRga bog‘liq bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya ham agar zarurat tug‘ilsa, KXDRni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 600 ga yaqin shimoliy koreyalik Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida, xususan, Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etish chog‘ida halok bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Kim Chen In Koreya Xalq Demokratik Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing