Kim Chen In josus apparati bilan Oq uy va Pentagonni kuzatdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In “Mulligyong-1” razvedka sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan Oq uy va Pentagon suratlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Bugun, 28 noyabrga o‘tar kechasi Pxenyan Aerokosmik texnologiyalar bosh boshqarmasi huzuridagi Umumiy nazorat va tartibga solish markazi mamlakat rahbariga sun’iy yo‘ldoshni razvedka vazifalarini to‘liq bajarishga tayyorlash bo‘yicha navbatdagi hisobotini taqdim etgan. Markaz AQSHning Virjiniya shtatidagi Norfolk harbiy-dengiz bazasi, Nyuport Nyus kemasozlik zavodi va aerodrom hududining Pxenyan vaqti bilan 27 noyabr soat 23:35 da olingan, Oq uy va Pentagonning esa soat 23:36 da olingan fotosuratlarini taqdim etgan.

Agentlikning bildirishicha, Norfolk harbiy-dengiz bazasi va Nyuport-Nyus kemasozlik zavodining fotosuratlarida AQSH harbiy-dengiz kuchlarining to‘rtta yadroviy samolyot tashuvchisi va Britaniyaning bitta samolyot tashuvchisi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Kim Chen Inga Amerikaning Tinch okeanidagi Guam oroli hududida joylashgan Andersen aviabazasining 27 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 09:17 da olingan surati, shuningdek, Italiya poytaxtining 25 noyabr oqshomida olingan surati ham namoyish etilgan. 

Ma’lumot uchun, 21 noyabr kuni KXDR “Chollima-1” raketasida o‘zining birinchi razvedka yo‘ldoshi “Mulligyong-1”ni muvaffaqiyatli uchirgan. Bunga javoban 22 noyabr kuni Koreya Respublikasi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha Koreyalararo kelishuvning amal qilishini qisman to‘xtatganini e’lon qilgan. Ushbu chora uchish taqiqlangan zonalar haqidagi qoidalarga tegishli edi. 23 noyabr kuni KXDR Mudofaa vazirligi endi butun kelishuvga rioya qilmasligini va hujjatda taqiqlangan choralarni qo‘llashni qayta boshlashini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kim Chen In razvedka sun’iy yo‘ldoshi tomonidan Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi Amerikaning “USS Carl Vinson” yadroviy aviatashuvchi kemasi va Gavayidagi harbiy bazalar aks etgan suratlarni o‘rgangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya Pentagon Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made