Kim Chen In yana qizi bilan raketa uchirdi
Olam
−
17 mart 2023
5006Kecha, 16 mart kuni Shimoliy Koreya AQSH va Janubiy Koreyaning mintaqadagi mashg‘ulotlariga javoban “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda bugun, 17 mart kuni “Koreya Ovozi” davlat radiostansiyasi xabar berdi.
“AQSH va Janubiy Koreyaning ishonchli vakillari tomonidan KXDRga qarshi o‘tkazilayotgan provokatsion va agressiv keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar tufayli Koreya yarim orolida eng beqaror vaziyat yaratilmoqda. Bunday jiddiy sharoitda 16 mart kuni Koreya Mehnat partiyasining Markaziy harbiy komissiyasi “Xvason” seriyali qit’alararo ballistik raketalarni o‘quv-uslubiy ishga tushirishni o‘tkazishga qaror qildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, raketa Pxenyandagi aerodromdan uchirilgan. U 6045 km balandlikda 1000 km masofani bosib o‘tgan. Raketaning uchish vaqtidan boshlab Yapon dengizida shartli nishonni mag‘lub etishgacha bo‘lgan parvoz vaqti taxminan 67 daqiqani tashkil etgan.
“O‘quv mashg‘ulotlarining boshlanishi qo‘shni davlatlar xavfsizligiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmadi. Bu KXDR strategik qurolli kuchlarining to‘liq jangovar tayyorgarligini tasdiqladi”, deyiladi davlat radiosi xabarida.
Manbaga ko‘ra, sinovlar Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In tomonidan boshqarilgan. U qizi bilan sinov maydoniga borgan. Mazkur raketa KXDR tomonidan joriy yil boshidan beri uchirilgan sakkizinchi raketa bo‘lgan.
Raketa sinovidan so‘ng Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol 12 yil ichida birinchi marta Yaponiyaga borgan. U Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bilan muzokara o‘tkazib, Pxenyanning yadroviy raketa dasturini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 13 mart kuni AQSH va Janubiy Koreya harbiylari “Ozodlik qalqoni” deb ataluvchi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini boshlagan edi. Bu mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qaratilgan bo‘lib, 11 kun davom etishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi