Axborot sohasida qonun ishlab chiqish SSVga qoldimi?
Jamiyat
−
14 mart 2020
6977Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Ma’muriy javobgarlik kodeksiga o‘zgartirish kiritib, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jarima joriy qilishni taklif qilayotgani haqida xabar bergan edik.
Qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarida, axborot va telekommunikatsiya tarmoqlarida shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, mulkka xavf tug‘diruvchi, jamoat tartibini ommaviy buzishga va (yoki) jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa va tashkilotlarning normal faoliyat yuritishiga halaqit beruvchi ishonchli xabarlar niqobi ostida ijtimoiy ahamiyatga ega haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni bila turib tarqatish, - ma’muriy huquqbuzarlik predmeti hisoblangan vositalarni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solish taklif qilinmoqda.
Loyihaga qo‘shimcha qilingan Tushuntirish xatida bugungi kunda uchrab turgan noxush holatlardan biri bu COVID-19 virusining ko‘p mamlakatlarda tarqalib, aholi mazkur vaziyatdan vahima va sarosimaga tushayotgani ta’kidlangan.
Mazkur qonun loyihasi jamoatchilik orasida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev mazkur qonun qabul qilingudek bo‘lsa, senzurani kuychaytirishga yo‘l ochib berishi mumkinligini aytib, SSV axborot sohasidan ko‘ra, tibbiyot sohasidagi muammolar ustida bosh qotirishi kerakligini aytib chiqdi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligining turli epidemiyalar fonida yolg‘on xabarlardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida ishlab chiqqan qonun loyihasi senzurani kuchaytirishga yo‘l ochib berishi mumkin.
To‘g‘risi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot sohasidan ko‘ra tibbiyot sohasida tiqilib yotgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha qonun loyiha ishlab chiqsa biroz mantiqliroq bo‘larmidi. Yana bilmadim...”, deb yozadi Kusherboyev.
Qonun loyihasiga nisbatan bloger Nozim Safari ham munosabat bildirdi.
“Yolg‘on ma’lumot tarqatilgani uchun SSV jarima joriy qilishni taklif qilib chiqibdi. Qiziq, o‘n yillar davomida yolg‘on statistik ma’lumotlar tarqatgan davlat tashkilotlariga ham taalluqli bo‘ladimi bu? Ularning eski ma’lumotlari internet tarmoqlarida saqlanib qolgan. Birma bir ko‘tarib qaralsa, shunday chiroyli, bejirim va yolg‘on raqamlar...
Va bunday ma’lumotlar hozir ham berilmayotganiga ishonchim to‘liq komil emas. Endi-chi? Davlat tashkilotlari yolg‘on xabar tarqatsa javobgar bo‘ladimi?”, deb yozadi bloger.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha o‘zbek jamiyatida tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish jazosini bekor qilish, jarima miqdorini esa keskin kamaytirish kun tartibida bo‘lib turgan edi. Bunga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi asosiy tashabbuskor bo‘layotgandi. Ana shunday bir pallada Sog‘liqni saqlash vazirligi bunday qonun loyihasini taqdim etishi va tegishli tashkilotlar uni dastaklashi ajablanarli holat.
LiveBarchasi