Killer. Arig‘idan qon oqayotgan Rafah
Tahlil
−
29 may
7528“Dunyo Falastin tarixidagi eng katta falokatga guvoh bo‘ladi". Bu so‘zlarni 28 aprel kuni Falastin Prezidenti aytgandi. U Isroilning Rafahga hujum uyushtirmoqchiligi haqida gapirar ekan, bu zarba falastinliklar uchun og‘ir bo‘lishi, qo‘shni davlatlar Misr va Iordaniya falastinlik qochqinlarni qabul qilishdan qat’iy bosh tortganini bildirgan va AQSHdan Isroilni to‘xtatishni so‘ragandi. Ammo… Mana bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar “Hammaning ko‘zi Rafahda” yozuvi aks etgan postlar bilan to‘lib ketdi. Butun dunyo yulduzlari Falastinda begunoh insonlarning qurbon bo‘layotganini qoralayapti. Xo‘sh, nima uchun Rafah bunday katta shov-shuv uyg‘otdi?
Gap shundaki, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilning yirik hujumlari boshlanganidan beri G‘azo sektorining 2,3 million aholisidan 1,9 millioni uy-joyini tark etgan. Ko‘chirilganlarning aksariyati Isroil avvalroq “xavfsiz hudud” deb e’lon qilgan Rafahga yo‘l olgan. Shunday qilib, Isroil hujumlaridan boshpana istagan bir yarim million odam Rafahga o‘rnashgan. Bundan tashqari, Rafah hozirda Isroil tomonidan ishg‘ol qilinmagan so‘nggi hudud bo‘lib qolmoqda.
Isroil o‘zi “xavfsiz” deb e’lon qilgan hududga shu vaqtga qadar juda ko‘p hujumlar uyushtirdi. 8 aprel kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu barcha garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishish maqsadida Rafahga hujum uyushtirilishini, hujum sanasi esa allaqachon belgilanganini bildirdi. Keyinroq Amerika nashri CNN Isroil Eron hujumi tufayli Rafahdagi operatsiyani keyinga qoldirganini xabar qildi. Ammo 16 aprel kuni Rahafdagi As-Salom tumanida joylashgan vaqtinchalik turar-joylar o‘qqa tutildi. Oqibatda ikki ayol va besh bola qurbon bo‘ldi.
26 aprel kuni esa qochqinlarni o‘z hududiga kiritishni istamayotgan Misr Isroilni bo‘ladigan talafotlardan ogohlantirish va hujumni to‘xtatishga chaqirdi. Xo‘sh, nima uchun Misr o‘z eshiklarini ochmayapti-yu, lekin Isroilni ogohlantiryapti, dersiz? Gap shundaki, Misr agar qochqinlarni o‘z hududiga kiritsa, missiya yakunlangandan so‘ng Isroil Falastin yerlarini butunlay egallab olishi va falastinliklarni qaytib bu hududlarga qabul qilmasligini aytmoqda. Bu qaysi bir ma’noda to‘g‘ri ham. Chunki Isroil G‘azo sektoridagi Rafahdan boshqa hududlarni allaqachon ishg‘ol qilib bo‘ldi.
Shu vaqtga qadar qurol-yarog‘ bilan ta’minlab, Isroilning suyanchig‘i bo‘lib turgan AQSH esa ishonchli gumanitar rejasiz Rafah operatsiyasini qo‘llab-quvvatlay olmasligini ta’kidladi. AQSHga haliroq yana to‘xtalamiz.
Isroilning navbatdagi hujumi 29 aprelga o‘tar kechasi uyushtirildi. Ushbu havo hujumi oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘ldi, ulardan olti nafari ayol va besh nafari yosh bola bo‘lib, bolalardan biri atigi 5 kunlik edi. Bir kechada sodir bo‘lgan hujumlarda uchta oilaning uyiga zarba berilgan.
Shundan so‘ng Isroil HAMASga mahbuslarni almashish kelishuvini taklif qildi. Evaziga esa fevral oyidan buyon tayyorlanayotgan Rafah hujumini to‘xtatishini bildirdi. Kelishuvga ko‘ra, HAMAS 40 nafar isroillikni, Isroil esa ikki barobar ko‘proq odamni ozod qilishi kerak edi. Ammo bundan bir necha kun avval bosh vazir Netanyaxu ushbu kelishuvlarga qaramay, Rafahga hujumlar to‘xtatilmasligini aytgandi. HAMAS taklifni qabul qilishga shoshilmadi. Alaloqibat, taklif qabul qilindi, ammo Isroil “endi kech” degandek, asirlarni almashmadi va hujumni davom ettiradigan bo‘ldi.
Bu orada u o‘q-dori yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygan AQSH hukumatini Rafah shahriga quruqlikdan hujum qilganida falastinlik tinch aholini evakuatsiya qilish rejasi haqida xabardor qildi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa Vashington bu operatsiyani qo‘llab-quvvatlamasligini, chunki ommaviy hujumlardan ko‘rilgan zararni qabul qilib bo‘lmasligini aytdi. Shu sababli ham Amerika Isroilga 3,5 ming bomba yetkazib berishni to‘xtatdi. Ammo Vashington mudofaa qobiliyatini saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan "Temir gumbaz" havo mudofaa tizimi uchun snaryadlarni yetkazib berishda davom etishini bildirdi. BMT, AQSH Prezidenti Jo Bayden va G‘arb rasmiylarining Rafahga mumkin bo‘lgan quruqlik hujumi tinch aholining ko‘proq qurbon bo‘lishiga va gumanitar inqirozning kuchayishiga olib kelishi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXAL “operatsiya”ni amalga oshirishini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, Isroil armiyasi Rafah sharqida joylashgan mahallalarni evakuatsiya qilishni boshladi. Uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan havo hujumi esa 7 may kuni boshlandi. Dastlab Isroil Rafah o‘tish joyi yaqinidagi hududlarga zarba berdi, so‘ngra G‘azo tomonidagi nazorat-o‘tkazish punktining bir qismi to‘liq egalladi.
Isroilning quruqlikdagi hujumiga qarshi davlat rahbarlari qatoriga Xitoy Raisi Si Szinpin va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham qo‘shildi. Ular G‘azoga katta hajmdagi gumanitar yordam yetkazish va mintaqadagi tinch aholini himoya qilish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va barcha mahbuslarni hech qanday shartlarsiz zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi. Ammo Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azodagi operatsiya HAMAS harakati butunlay yo‘q qilinib, garovga olinganlar ozod qilingunigacha davom etishini aytdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu esa isroilliklar kerak bo‘lsa, yakka o‘zi jang qilishga tayyor ekanini bildirdi.
"Agar o‘zimiz uchun yolg‘iz turishimiz kerak bo‘lsa, demak, o‘zimizni o‘zimiz himoya qilamiz. Kerak bo‘lsa, tish-tirnog‘imiz bilan kurashamiz va g‘alaba qozonamiz", degan Netanyaxu.
Shundan so‘ng, Isroil armiyasi Rafah shahri aholisini shaharning sharqiy qismidagi bir qancha hududlarni tark etishga chaqirdi. Isroil harbiylari tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida va SMS-xabarlar orqali tarqatilgan arab tilidagi xabarda tark etilishi kerak bo‘lgan aniq hududlar, jumladan, qochqinlar uchun ikkita lager qayd etilgan. Aholiga zudlik bilan O‘rta yer dengizi sohilidagi Al-Mazori lageriga ko‘chib o‘tish buyurilgan.
Tinimsiz Isroilni ogohlantirgan, unga qurollar yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan AQSH 14 may kuni birdan yana Isroilga qiymati 1 milliard dollardan ortiq yangi qurol paketini yetkazib berish niyati haqida ma’lum qildi. Paketga zirhli texnikalar uchun 700 million dollar, boshqa harbiy texnika uchun yana 500 million dollar va minomyotlar uchun 60 million dollar mablag‘ kirishi mumkin.
Bu vaqtda Isroil quruqlik hujumlarini kengaytirishga kirishdi va Rafah shahriga qo‘shimcha bo‘linmalarni yubordi. Shunday qaltis vaziyatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligi Rafah shahrida oziq-ovqat, suv va boshqa insonparvarlik yordamlarini tarqatishni to‘xtatdi. Bunga esa janglar tufayli oziq-ovqat tarqatish ham xodimlar, ham mahalliy aholi uchun xavfli bo‘lishini sabab qilib keltirdi.
Xalqaro sud Isroil hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishi kerakligi va gumanitar yordam yetkazib berish uchun G‘azo sektorining Misr bilan chegarasida nazorat punkti ochishi haqida qaror chiqardi. Unga ko‘ra, Isroil bir oy ichida ko‘rilgan choralar haqida hisobot berishi kerak edi. Ammo Isroil yana harbiy hujumlarni davom ettirishini bildirdi. Isroil vaziri esa bezbetlarcha Xalqaro sud sudyalarini HAMASni isroillik mahbuslarni ozod qilishga ko‘ndirish uchun G‘azoga taklif qildi. 24 may kuni Xalqaro sudning Isroilga qarshi qabul qilingan qaroriga qaramay, mamlakat armiyasi Rafah shahrini ikkinchi marta o‘qqa tutdi. HAMAS ham ushbu operatsiyalarga jimgina qarab turgani yo‘q. 26 may kuni Rafahdan Isroil tomon 8 ta raketa uchirildi. Ularning bir nechtasi Isroilning mudofaa tizimi tomonidan tutib olindi. Shu kuni Isroilning markaziy qismida so‘nggi to‘rt oy ichida birinchi marta havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi va sirenalar yangradi.
Tarmoqlarni larzaga keltirgan katta hujum 27 may kuni ushbu 8 ta raketaga javoban sodir bo‘ldi. Isroil kuchlari Rafah shimoli-g‘arbidagi Tal as-Sulton hududida o‘rnatilgan qochqinlar lageriga hujum qildi. Bombalash oqibatida kamida 35 falastinlik halok bo‘ldi. Ular orasida ayollar va bolalar ko‘p. Keyinroq qurbonlar soni 45 nafarga yetgani, yana 249 falastinlik yaralangani ma’lum bo‘ldi. Mahalliy axborot agentligiga ko‘ra, chodir lageriga kamida sakkizta raketa urilgan. Hujum oqibatida yong‘in chiqdi va chodirlardagi ko‘plab odamlar tiriklayin yonib ketdi. Ayni shu vaqtda Jabaliya va Nuseyrat qochqinlar lagerlari hamda G‘azo shahriga ham bombalar tashlangan. Shu kunning o‘zida kamida 160 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng, Rafah nazorat-o‘tkazish punktida Isroil va Misr harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi. Bildirilishicha, dastlab Falastin qurolli qarshilik ko‘rsatish tarafdorlari va Isroilliklar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan, keyinroq ushbu ishga Misrliklar aralashgan. Mojaro chog‘ida bir isroillik va bir nafar Misr xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan.
Ushbu havo hujumi sabab BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda Turkiya Prezidenti Rajab Toib Erdo‘g‘an Isroilni qoraladi. Erdo‘g‘an yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Adolf Gitlerga qiyosladi. Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikolya de River Xavfsizlik Kengashi Rafahda harbiy harakatlarning oldini olish uchun zudlik bilan harakat qilishi kerakligini aytdi. Jazoir esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga Rafah shahrida harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini kiritmoqchi ekanini bildirdi.
Isroil Bosh vaziri Netanyaxu o‘nlab falastinliklarning o‘limiga sabab bo‘lgan Rafah qochqinlar lageriga uyushtirilgan havo hujumi xalqaro miqyosda qoralanayotgan bir paytda, HAMASga qarshi urushni davom ettirishga va’da berdi. Netanyaxu zarba “fojiali baxtsiz hodisa” ekanligini aytgan holda, “barcha maqsadlarga erishilmaguncha urushni tugatish niyatida emas”ligini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tinch aholini himoya qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rib, mojaroga aloqador bo‘lmaganlarga zarar yetkazmaslik uchun harakat qilmoqda.
Rafahda esa vaziyat ancha og‘ir. So‘nggi uch hafta ichida kamida 1 million falastinlik Rafahni tark etib, G‘azo sektorining turli hududlariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. Qochqinlarga oziq-ovqat va suv yetishmayapti. Hujumdan avval qahramonlik ko‘rsatayotgan AQSH esa Isroilga sanksiyalar qo‘llashni rad etmoqda. Agar Isroil Rafahda qirg‘inni davom ettirsa, Amerika ushbu vaziyatga tomoshabin bo‘lib turmoqchi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, AQSH Xalqaro jinoiy sud qarori asosida jazo choralarini qo‘llashni rejalashtirmayapti, ular bu qarorga rozi emas.
Shunday qilib, Isroil G‘azoni deyarli ishg‘ol qildi. Tinch aholining esa boshqa boradigan joyi yo‘q. Faqatgina HAMASni yo‘q qilishni rejalashtirganini aytayotgan Isroil hujumlari ortidan yuzlab begunoh ayollar, qariyalar va eng achinarlisi bolalar halok bo‘lmoqda. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda shu vaqtga qadar 36 mingdan ortiq falastinlik vafot etgan, ularning uchdan ikki qismi bolalar va ayollardir. Butun dunyo hamjamiyati esa faqatgina ogohlantirish bilan cheklanyapti. Siyosatlar, qonunlar qanday bo‘lishi, qay taraf haq-u, qay biri nohaq bo‘lishidan qat’i nazar, hech bir vaziyatda tinch aholi, ayniqsa, bolalar o‘limini oqlab bo‘lmaydi. Bu nafaqat Falastin, balki butun dunyo bolalarining kelajagi uchun ham tahdiddir.
LiveBarchasi