Italiya G‘azoga 15 tonnadan ortiq gumanitar yordam jo‘natdi
Olam
−
16 noyabr
1764Italiya Harbiy-havo kuchlarining samolyoti bugun, 16 noyabr kuni 15 tonnadan ortiq insonparvarlik yordami bilan G‘azoga qarab uchdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Mamlakat Mudofaa vazirligining bayonotida qayd etilishicha, Italiyaning markaziy Piza shahridan uchgan C-130J samolyoti bortidagi yordam Confederazione Nazionale delle Misericordie d'Italia xayriya guruhi tomonidan yig‘ilgan.
“Italiya G‘azodagi tinch aholining azob-uqubatlarini yengillashtirish uchun hamma narsani qilmoqda va bundan keyin qiladi”, dedi Mudofaa vaziri Gvido Krozetto.
U Italiya jabr chekayotganlarni unutmagani va mojaroning keskinligini kamaytirish tarafdori ekanini qo‘shimcha qilgan.
Samolyot dastlab Kiprning Larnaka aeroportiga uchadi, shundan so‘ng u olib ketayotgan barcha materiallar G‘azoga yuboriladi.
Italiya joriy yilning boshida ham G‘azo uchun oziq-ovqat deb nomlangan asosiy tashabbusni u yerdagi tinch aholiga yordam berish uchun boshlagan va Falastin anklavini vayron qilgan urushdan jabr ko‘rganlarga bir nechta yordam partiyalarini yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Italiya agar BMT Falastin anklavida tinchlikparvarlik missiyasini tashkil etishga qaror qilsa, G‘azoga harbiylarini yuborishga tayyorligini bildirgandi.
LiveBarchasi