Kichik qishloq AES sabab katta shaharga aylanishi mumkin
Olam
−
12:23 4817 2 daqiqa
Qozog‘istonning birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan Olmaota viloyatidagi Ulken qishlog‘i kelajakda yirik aholi punktiga aylanishi mumkin. Bu haqda “Sedmoy kanal” xabar berdi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, hozirda qariyb 2 000 kishi istiqomat qilayotgan qishloq vaqt o‘tishi bilan aholisi 90 000 nafargacha yetadigan shaharga aylanishi mumkin. So‘nggi yillarda hudud infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, ichki yo‘llar ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy ambulatoriya foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, Olmaota-Ostona avtomobil yo‘lidan Ulken qishlog‘igacha bo‘lgan yo‘lni kapital ta’mirlash ham mo‘ljallangan.
Qurilish davrida qariyb 10 000 nafar mutaxassis va ishchi jalb etilishi, ularning 3 000 ga yaqini texnik yo‘nalishdagi mutaxassislar bo‘lishi rejalashtirilgan. AES ishga tushirilgach esa 2000 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Ulkenlik Gulnar Asanovaning aytishicha, loyiha qishloq hayotini yaxshilashga xizmat qiladi. Uning fikricha, bugungi kunda elektr energiyasi barcha sohalar uchun zarur bo‘lib, an’anaviy energiya manbalari cheklanganligi sababli yangi energiya manbalarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
“Menimcha, Ulken rivojlanadi, bu yerga yangi aholi ko‘chib keladi va odamlar ish topadi. Shaxsan men bu jarayonga ijobiy qarayman va qishlog‘imiz yanada obod bo‘lishiga ishonaman. Bo‘sh turgan uylar ta’mirlanishini, bolalar uchun dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etilishini istardim. Menimcha, qishlog‘imizning kelajagi porloq”, deydi yana bir qishloq aholisi Gulnoz Bozorboy qizi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonda ilk AES qurilishiga rasman 2025 yil, avgustda start berilgandi. Loyihaning umumiy qiymati 14-15 milliard dollarni tashkil etadi, stansiyani 2035-2036 yillarda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Mumtozbegim Abdumo‘minova
Live
Barchasi