Kiberhujum. O‘zbekistonliklar haqidagi ma’lumotlar internetga chiqarib yuborildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 18 oktyabr kuni O‘zbekistondagi turli axborot resurslari, shu jumladan, respublika hududida joylashgan tizimlarga tegishli bo‘lgan foydalanuvchilar ma’lumotlari sizdirildi. Bu haqda “Kiberxavfsizlik markazi” xabar bermoqda.  

Ma’lum qilinishicha, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan hamda buzilgan ma’lumotlar bazasini o‘rganish jarayonida mutaxassislar tomonidan 200 mingdan ortiq foylanuvchining ma’lumotlari sizdirilgan. 

“Ularning aksariyati dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlari xavfsizligiga kibertahdidlarni keltirib chiqarmoqda. So‘nggi paytlarda foydalanuvchining oshkor qilingan ma’lumotlar bazasining bunday holatlari tez-tez uchrab turibdi. Ilgari bunday ma’lumotlar sizib chiqishi faqat yopiq forumlarda yoki Darknet’da uchrab turar edi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bunday holat turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lishi mumkin, ularning asosiylari quyidagicha:

Zaif parol siyosati. Taxmin qilinadigan darajada zaif parollarni ishlatish va ularni bir nechta resurslar uchun qayta ishlatish kibergigiyena talablariga zid bo‘lib, ularni buzib kirish xavfini oshiradi

Litsenziyasiz yoki eskirgan dasturlardan foydalanish. Xavfsizlik login va parollarini ochiq internetga chiqib ketishi, tashkilotlar uchun jiddiy kiberxavfsizlik hodisalarini keltirib chiqarishi mumkin. Xakerlar ushbu ma’lumotlardan infratuzilmalarni yorib kirish va keyinchalik infratuzilma ichkarisidan turib boshqa kiberhujumlarni amalga oshirishda foydalanishlari mumkin.

Zararlangan qurilma. Qurilmaga mobil troyan yoki stiler kabi zararli dasturlar o‘rnatilgan hollarda, login-parol yordamida boshqa maxfiy ma’lumotlar to‘planadi.

Ichki (Insayder) ma’lumotlar. Bu odatiy hollardan biri hisoblanadi, ya’ni tashkilotdan norozi bo‘lgan xodimlar mijozlar bazasiga va boshqa muhim tizimlarga kirib, ulardan yashirincha g‘arazli maqsadlarda foydalanadi.

Ijtimoiy muhandislik (fishing yoki vishing). Manipulyatsiya va aldashni o‘z ichiga olgan ushbu kiberhujum texnikasi tajovuzkorlarga tizim yoki ma’lumotlarga kirishga imkon yaratib beradi. Bu esa katta kiberhujumlarni boshlash oldidan yuqoridagi usullar orqali tashkilot haqida qo‘shimcha ma’lumotlar to‘plash imkonini yaratadi.

Foydalanuvchiga maxfiy ma’lumotlarini himoya qilish va axborot tizimlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi choralar tavsiya etiladi:

Har doim kamida 8 ta belgidan iborat kuchli parolni o‘rnatish lozim, katta va kichik harflar, raqamlar va maxsus belgilardan foydalaning (masalan, @,#, $,%,& va boshqalar). Shuningdek, osongina taxmin qilinadigan parol o‘rnatmaslik uchun murakkab parollardan tashqari har 2-3 oyda bir marta parolni yangilab turing, shu bilan birga avvalgisiga o‘xshash parolni o‘rnatishdan saqlaning.

Turli veb-saytlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun bir xil maxfiy ma’lumotlaridan foydalanmang, shuningdek, bepul parol menejerlarini qo‘llamang va parollarni brauzerlarda saqlamang.

Doimo ikki faktorli (2FA) autentifikatsiya funksiyalaridan foydalaning.
Faqat litsenziyalangan operatsion tizimlar, dasturiy ta’minot va antiviruslardan foydalaning, ularni muntazam yangilab turing.

Shubhali veb-havolalarga o‘tmang yoki noma’lum dasturiy ta’minotni yuklab olmang.

Ma’lum qilinishicha, veb-sahifalarni ochganda login va parollarni kiritishdan oldin veb-saytning manziliga va veb-sahifada turli xildagi shubhali simvollar yo‘qligiga e’tibor berish lozim va haqiqiyligiga ishonch hosil qilish kerak.

Mazkur @CSEC_Login_Bot Telegram-bot yordamida, sizning ma’lumotlaringiz sizdirilmaganiga ishonch hosil qiling.


Maqola muallifi

Teglar

internet Kiberhujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing