Xususiy transport hamma erisha oladigan masala bo‘lmasligi kerak – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
14 dekabr 2023
19114Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov xususiy transport hamma uchun va xohlagan paytida erisha oladigan masala bo‘lmasligi kerakligini aytdi. Bu haqda u kecha, 13 dekabr kuni parlamentdagi Hukumat soatida so‘z ochdi.
Hukumat soatida deputatlar aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masalani muhokama qilgan.
Majlisda qatnashgan Alisher Qodirov tirbandliklarning oldini olish uchun xususiy transport vositalari maqomini hal qilish kerakligini aytgan.
“Bugun jamoat transportini rivojlantirish va uni shakllantirish muammolarini hal qilish ustida juda ko‘p bosh qotiryapmiz va katta ishlar qilinyapti. Lekin biz xususiy transport masalasidagi maqomni hal qilolmasak, jamoat transporti masalasida qancha harakat qilishimizdan qat’i nazar, ko‘zlagan maqsadimizga yetolmaymiz”, degan Qodirov.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda xususiy transport soni so‘nggi o‘n yil ichida 5 baravar ko‘paygan bo‘lib, bu kelajakda katta tahdid bo‘lishi mumkin.
“Biz hali Jahon savdo tashkilotining protokoliga uyg‘unlashishni boshlaganimiz yo‘q. Ertaga JST platformasiga kirgandan keyin mashinalarni sotib olish yana ham imkoniyatli bo‘ladi. Va bugungi tirbandlik masalasi jamoatchilik harakatining katta muammosiga aylanadi. Hoziroq o‘zi muammoga aylandi”, deb ta’kidlagan deputat.
Shuningdek, u xususiy transport maqomi masalasidagi xorijiy davlatlar tajribasini misol qilib keltirgan.
“Masalan, Xitoy tajribasini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda avtomashinani sotib olish qiyin emas. Chunki narxini ular o‘zi belgilab ololmaydi, JSTning talablari bor. Lekin avtomobilga xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xizmatlar juda ham qimmat hisoblanadi. “Parkovka”si bo‘lsin, soliqlar joriy qilish yoki pulli yo‘llar orqali. Avtomobilni sotib olish oson, lekin undan foydalanish qimmat xizmatga aylangan. Singapurda ham xuddi shunday. Ushbu davlat ham tirbandlik masalasini xususiy transportdan foydalanishni qimmat qilish hisobiga hal qilgan”, deydi Alisher Qodirov.
U O‘zbekistonni ham yaqin 5-6 yilda shunday juda katta muammo kutayotganini hisobga olib, Transport vaziri Ilhom Mahkamovga aynan shu masalalarga alohida e’tibor berib, xususiy transport maqomi masalasi bo‘yicha jiddiy takliflar tayyorlashni maslahat bergan.
“Xususiy transport hamma uchun va xohlagan paytida erisha oladigan masala bo‘lishi kerak emas. Biz bunga qanday erishamiz? Jamoat transportining qulayligi orqali. Agar jamoat transporti qulay qilsangiz, odamlarga xususiy transportdan foydalanish jozibador bo‘lmay qoladi”, deydi Alisher Qodirov.
Qodirov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Hukumat soatidagi nutqi tasvirlangan videoni joylashtirib quyidagicha izoh qoldirgan:
“Avtomobil arzon, lekin unga xizmat ko‘rsatish qimmat bo‘lishi kerak. Yo‘llardagi tirbandlikni bartaraf etish, atmosfera havosi ifloslanishini oldini olish, ekologiyani asrash uchun jamoat transportidan foydalanishni qulay, tartibli va arzon qilib, xususiy transportlarga ayrim xizmatlarni qimmatroq qilish kerak”, deb yozgan deputat.
LiveBarchasi