Xush kelding, 15 avgust! Ertadan qaysi karantin cheklovlari bekor qilinyapti?
Bu qiziq
−
14 avgust 2020
22985Ertaga, 15 avgust kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirus aniqlanganiga 5 oy to‘ladi. Bu muddat ichida O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan bir qancha karantin cheklovlari joriy qilindi. Ularning aksariyati vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turdi. 15 avgustdan esa asosiy karantin cheklovlari bekor qilinib, odatiy hayot tarzimizga qaytyapmiz. Biroq, bu kasallik xavfi bizni tark etdi degani emas. Ijtimoiy masofa, ozodalik va tibbiy niqob taqish turmush tarzimizning asosiy bo‘lagi bo‘lib qolishi kerak.
Xo‘sh, ertadan nimalar o‘zgaryapti?
Avtomobilingizning sozligi, hujjatlarning to‘liqligini tekshirib qo‘ying. Har holda ertadan avtotransport vositalarining kun davomida to‘liq harakatlanishiga ruxsat berilyapti.
Mahalliy avia va temir yo‘l qatnovlari bosqichma-bosqich tiklanadi. Bunda, doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlarini (har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi, shu jumladan, ularga havoni zararsizlantirish anjomlarini o‘rnatish choralarini ko‘rilmoqda.
Ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish ob’ektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati ham tiklanmoqda. Ammo, hozircha ularda banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi. Stollar oralig‘idagi ijtimoiy masofa esa 2 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish mumkin emas. Xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishlari, har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlar yuza qismi dezinfeksion vositalar bilan tozalanishi shart.
Shuningdek, mazkur ob’ektlar to‘laqonli faoliyat yuritishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ularning bino va xonalariga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatib borish tavsiya etilmoqda.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar, shuningdek, o‘quv kurslari (markazlari) faoliyati ham tiklanadi. Faqat ta’lim markazlari va to‘garaklarda mashg‘ulotlar vaqtini oldindan kelishish zarur.
Ta’lim markazlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), tana harorati 37°S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ni mashg‘ulotlar chetlatish talab etiladi.
Xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi lozim. Sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash choralari ko‘rilishi belgilangan.
Uyda o‘tiraverib diqqanavas bo‘ldingizmi? Tushunamiz, nafaqat tushunamiz, hatto, dardimiz bir, desak ham bo‘laveradi. Yangilikning eng a’losi ham shu – sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar, ijaraga beriladigan dala hovlilar va boshqa dam olish maskanlari faoliyatiga ham ruxsat tegdi.
Mazkur faoliyatni amalga oshirishda:
- fuqarolar alohida, bir-biridan ajratilgan holda (har bir oilaga bir xona talabiga rioya etgan holda) joylashtirilishi;
- bino va xonalar doimiy ravishda dezinfeksiya qilib borilishi, shu jumladan, havoni zararsizlantirish anjomlari bilan jihozlinishi tavsiya etilmoqda.
Mehmon uylari va xostellar faoliyati esa Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi 21-son yig‘ilish bayonining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Pandemiya sharoitida mehmonxona xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha vaqtinchalik yo‘riqnoma talablari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, xostellar faqatgina bir xonaga oilaviy yoki bir kishidan ortiq bo‘lmagan mehmonlarni qabul qilishga ruxsat beriladi.
Karantinda muzeyga borishni o‘ylamagan bo‘lishingiz mumkin. Ammo, muzeylar faoliyati ham tiklanmoqda. Agar muzeyga borish fikri uyg‘onsa, albatta, Olmazor tumanida yangi barpo etilgan Shon-sharaf muzeyiga kirib o‘ting.
Go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar faoliyatiga ham ruxsat berilyapti. Faqat bu joylarga navbatsiz borib, gap sotib o‘tirish yo‘q. Ular ham bir kishidan ortiq odamni qabul qilmaydi. Qolaversa, xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari – tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopdan foydalan majburiy. Mijozlar esa internet yoki telefon orqali navbatga yozilishlari kerak.
O‘zbekning tinch-totuv, farovon kunlarini to‘ylarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Lekin, to‘ylarga ruxsat tegdi degani yana 50-100 kishini uyingizga to‘plab, ayrimlarining kasallanishi, afsuski, ayrimlarning o‘lishiga sabab bo‘lmaysiz, deb umid qilamiz. Marhamat, to‘y qiling, mehmonlar 30 kishidan oshmasin. Shunda ham niqobni, sanitariya qoidalarini unutmang. Ha yana bir gap, aytilgan joydan qolmang, aytilmaganiga bormang. Juda bo‘lmasa, siz to‘y qilganingizda ham o‘sha odamni aytmaysiz, bir-u bir bo‘ladi.
Jamoat transporti, shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus qatnovi metropoliten faoliyati tiklanmoqda. Faqat ularda niqobsiz yurish qat’iyan man etiladi.
Ularda har qatnovga chiqishdan oldin haydovchi va konduktorlarning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37°S va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishi belgilandi.
Transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin (shu jumladan, har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazilishi zarur.
17 avgustdan
Hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi tiklanadi.
Diniy tashkilotlar faoliyatiga (har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qat’iy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishini ta’minlagan holda) ruxsat berilmoqda. Bunda masjidlarda juma namozlari o‘qilmaydi. Qolgan kunlari 5 mahal ibodatlar ado etiladi.
15 avgustdan keyin qanday karantin cheklovlari saqlanib qolinayotgani haqida bu yerda o‘qing.