Rossiyada migrantlar uchun karantin joriy etish taklif qilindi

Olam

image

Rossiyaga yuqumli kasalliklar tarqalgan mamlakatlardan kelayotgan migrantlar uchun karantin joriy qilish taklif etildi. Bu taklifni “Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov ilgari surdi.

Mironovning ta’kidlashicha, mamlakatdagi yuqumli kasalliklar, ayniqsa, meningit sonining ko‘payishi faqat emlash darajasining pasayishi bilan emas, balki migrantlar oqimi bilan ham bog‘liq.

“Ular mamlakatga kirib bo‘lgandan keyin ularni tutib qolish foydasiz. Eng samarali choralar – hozirdanoq meningit va boshqa xavfli kasalliklar avj olgan mamlakatlardan kelayotganlarga karantin joriy qilish”, degan Mironov. 

Shuningdek, u chet ellik fuqarolarga mehnat vizasi faqat emlangan va sog‘lig‘i to‘g‘risida tegishli ma’lumotnomaga ega bo‘lgan taqdirda berilishi kerakligini ta’kidlagan. 

2025 yil boshidan beri Rossiyada 1 200 ta meningit holati qayd etilgan, bu esa 2024 yil davomida kuzatilgan holatlarga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik asosan qish-bahor mavsumida ko‘p uchraydi va hozirda Rossiyada epidemiologik vaziyat barqaror.

Ma’lumot uchun, meningit – bu miya va orqa miya pardalarining yallig‘lanishidir. Kasallik viruslar, bakteriyalar yoki zamburug‘lar orqali yuzaga keladi. Eng xavfli turi bakterial meningitdir, u ayniqsa meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, davolanmasa o‘limga olib kelishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasining Mehnat qo‘mitasi raisi Yaroslav Nilov Rossiyada ishlash uchun kelayotgan xorijliklarga nisbatan qo‘shimcha tibbiy talablarni joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida aytgandi. Taklifga ko‘ra, hozirda amal qilayotgan tibbiy sug‘urtaga qo‘shimcha ravishda, migrantlar narkotik va psixotrop moddalar mavjud emasligini tasdiqlovchi test natijalarini, OIV (VICH), B va S gepatiti, sil (tuberkulyoz) hamda sifiliz yo‘qligi haqida yangilangan tibbiy ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant karantin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing