Xo‘roz sudlandi. U endi tovuqxonadan chiqmaydi
Olam
−
11 iyul 2019
7960Avvalroq, Fransiyada saharlab odamlarni uyg‘otayotgan “baqiroq” xo‘roz sudlanayotgani haqida xabar bergan edik. Xo‘rozning sudga tortilishi bilan bog‘liq holat Shveysariyada ham qayd etildi. Bu haqda mahalliy nashrlar yozmoqda.
Shveysariyaning Syurix kantoni aholisi uyi yaqinida avtoturargohda tovuqxona ochgan kishini sudga berdi.
Da’vogarlarning arizasida yozilishicha, xo‘roz tez-tez va juda baland ovozda qichqiradi. Bunga isbotlar ham bor. Smartfon orqali hisoblab ko‘rilganda, xo‘roz bir soat davomida 14 tadan 44 martagacha qichqirishi aniqlangan. Tovush yetishi masofasi esa 15 metr, ya’ni 84 detsibel.
Sud bu o‘lchovlardan shubhalandi va ularni asosli, deb qabul qilmadi. Boisi, ular smartfon yordamida hisoblangan.
Sud xo‘roz egasiga ish kunlari soat 22:00 dan tonggi soat 8:00 gacha, dam olish kunlari esa soat 22:00 dan ertalab soat 9:00 gacha xo‘rozning “sukut saqlashi”ni ta’minlashi yuzasidan ajrim chiqargan. Xo‘rozning esa tovuqxonani tark etishiga taqiq qo‘yilgan.