“Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish muhim – DXX raisi
Jamiyat
−
04 Sentabr
250964-5 sentyabr kunlari Toshkentda SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) O‘ninchi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi va MDHning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Konferensiyaning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, general-leytenant Abdusalom Azizov so‘zga chiqib, SHHT va MDH makonida kechayotgan murakkab va qarama-qarshi harbiy-siyosiy jarayonlar mamlakatlardan xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda sa’y-harakatlar va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni birlashtirishni talab etadi, deb ta’kidladi.
"Bu holat SHHTga a’zo davlatlar xavfsizligiga bevosita tahdid soladi. Vaziyat xalqaro terrorchilik tashkilotlari boshliqlarining davlatlarimizga qarshi o‘zlarining buzg‘unchi rejalaridan voz kechmaganliklari bilan yanada murakkablashmoqda", deydi Azizov.
Uning aytishicha, Afg‘oniston hukumati o‘z imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, xalqaro terrorizmga qarshi kurashmoqda, afg‘on maxsus xizmati IDXVga qarshi kurashda yetakchilik qilib, muayyan natijalarga erishmoqda.
"Shu bois, dushmanga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak. “Xuroson viloyati”ga qarshi kurashda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish muhim, chunki qarshi choralarni zaiflashtirish bu guruhning kuchayishiga sabab bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida, mintaqa xavfsizligiga xavf soladi", deydi DXX raisi.
U o‘zaro ishonch, xalqaro terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish sohasida muntazam axborot va tajriba almashishga asoslangan izchil va muvofiqlashgan faoliyatda birga harakat qilish yordamidagina davlatlarda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda samarali natijalarga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi.
"Shu bois, bugungi kunda xalqaro anjumanni o‘tkazish dolzarb bo‘lib, uning doirasida ishtirokchilar chaqiriqlar va xavfsizlik tahdidlarining bugungi holatini muhokama qilish, samarali qarshi kurash choralarini ishlab chiqish, xalqaro va mintaqaviy darajada aksilterror hamkorligini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladilar", deydi Azizov.