XTV Guliston XTB tomonidan dindorlar haqorat qilingan agressiv postga izoh berdi
Jamiyat
−
19 iyul 2022
16145Kecha, 18 iyul kuni Guliston shahar Xalq ta’limi bo‘limining Telegram sahifasida maktab o‘quvchilarining hijob o‘rashlariga qarshi agressiv post e’lon qilindi. Unda bildirilgan fikrlar muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu postda O‘zbekiston dunyoviy davlatligi aytilib, diniy konfessiyalarning davlat o‘rnatgan tartib-qoidalarga qarshilik bildirishi mumkin emasligi urg‘ulanadi.
“Davlat tasarrufidagi maktablarda hech qanday dindorlarning xohish va istaklari, talablari inobatga olinmaydi. Zero, O‘zbekistonda din davlatdan ajratilgan. Biz shariat qoidalariga ko‘ra ish ko‘radigan davlat emasmiz”, deyiladi postda.
Shuningdek, ushbu postda dindorlarga nisbatan bir necha haqoratomuz so‘zlardan foydalanilgan. Jamoatchilik va davlat tashkiloti o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarmaslik maqsadida, ushbu postni to‘liq e’lon qilmaslikni ma’qul topdik. Ustiga-ustak post Xalq ta’limi bo‘limining Telegram-kanalidan o‘chirib yuborildi.
Tarqatilgan haqoratlarga to‘la postga Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova munosabat bildirib, u soha xodimlarning beparvoligi va mas’uliyatsizligi oqibatida kanalga joylanganini ma’lum qildi.
“Holatni o‘rganish davomida agressiv mazmunda yozilgan ushbu post Guliston shahar xalq ta’limi bo‘limi nomidan ochilgan sahifada e’lon qilingani va keyinroq post o‘chirilgani tasdiqlandi.
Qayd etish lozimki, ushbu material boshqa ijtimoiy tarmoq sahifalaridan olingan bo‘lib, soha xodimlarning beparvoligi va mas’uliyatsizligi oqibatida kanalga joylangan. Lekin bu narsa ushbu holatga yo‘l qo‘ygan mas’ulni javobgarlikdan ozod qilmaydi”, deydi Laylo Rustamova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mazkur holat bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda hamda ushbu holatga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
U o‘rganish natijalari hamda ko‘rilgan choralar xususida kun yakuniga qadar batafsil ma’lumot berilishini qayd etgan.
“Shu o‘rinda soha xodimlaridan har qanday ma’lumot yoki postni e’lon qilishdan oldin uning mazmuni va oqibati nimalarga olib kelishi mumkinligini, so‘z mas’uliyatini unutmasliklarini so‘rab qolamiz”, deydi XTV matbuot kotibi.
LiveBarchasi