Xotinini yoqib yuborishga uringan erkak ushlandi
Olam
−
20:41 2233 2 daqiqa
Bugun, 6 fevral kuni Qirg‘izistonning Talas viloyatida erkak xotiniga benzin sepib, uni yoqib yuborishga urinishda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat politsiya boshqarmasiga tayanib, “Sputnik Qirg‘iziston” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 5 fevral kuni 27 yoshli ayol politsiyaga murojaat qilib, 2025 yil 15 oktyabr kuni eri bilan bog‘liq og‘ir zo‘ravonlik holati sodir bo‘lganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eri sababsiz janjal ko‘targan, uni uydan haydab chiqargan, so‘ngra benzin sepib, yoqib yubormoqchi bo‘lgan.
Politsiyaning bildirishicha, 2025 yil oktyabr oyida mahalliy ichki ishlar xodimlariga turarjoyda yong‘in chiqqani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa yong‘inlar jurnalida qayd etilgan va guvohlar so‘roq qilingan. Dastlabki ma’lumotlarda yong‘in pechkani yoqish vaqtida benzin ishlatilgani sababli chiqqani aytilgan. Hodisa oqibatida er-xotinning ikkisi ham kuyish jarohati olgan va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ularning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli o‘sha paytda so‘roq qilishning imkoni bo‘lmagan.
Ayolning aytishicha, u hodisadan keyin uzoq vaqt davomida qarindoshlariga ham, huquqni muhofaza qilish organlariga ham murojaat qilmagan.
Uning takroriy murojaatidan so‘ng Jinoyat kodeksining 130-moddasi (Og‘ir tan jarohati yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olinib, vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Chilonzor tumanida soxta kosmetolog juftlikning faoliyati to‘xtatilgandi. Er va xotin ko‘p qavatli turar-joy binosining yerto‘lasida yuz jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazib kelgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi