Xotin-qizlarga o‘qish uchun imtiyozli kredit beriladi

Jamiyat

image

Xotin-qizlarning oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi xotin-qizlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

•    tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;

•    ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

•    ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi;

•    ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

•    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan ta’lim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklarining so‘rovlariga asosan kelgusida 14 foiz stavkada ta’lim krediti ajratish uchun ularga 10 foiz stavkada depozit mablag‘lari joylashtiriladi.

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun tijorat banklariga zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlash va nazorat qilish maqsadida Jamg‘armaga 1 ta Maktabgacha ta’lim vazirligi shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan va 1 ta Moliya vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida jami 2 ta shtat birligi ajratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror

Baholaganlar

199

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing