Xose Venansio Lopes ishdan bo‘shatildi
Sport
−
08 Oktabr
8642Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi ispaniyalik Xose Venansio Lopes lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bugun, 8 oktyabr kuni futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan. O‘FA rahbariyati hamda bosh murabbiy Xose Venansio Lopes qatnashgan yig‘ilishda jamoaning musobaqadagi ishtiroki tanqidiy ko‘rib chiqilgan.
Xose Venansio O‘FA rahbariyatiga terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishlash imkoniyati berilgani uchun minnatdorlik bildirgan. O‘tgan musobaqalar davomida O‘FA tomomidan barcha sharoitlar taqdim etilganini qayd etgan ispaniyalik mutaxassis O‘zbekistondagi faoliyati davomida zavq bilan ishlagani, barcha mutaxassislar unga ko‘maklashganini aytib, kelgusida do‘stona aloqalarni saqlab qolib, har qanday yordamga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 14 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar O‘zbekistonda futzal bo‘yicha Jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. Mezbonlar musobaqada birorta ham bahsda g‘alaba qozona olmay, guruhda 4-o‘rinni egallab turnirdagi yurishini yakunladi. Chempionatda Janubiy Amerika vakili Braziliya terma jamoasi g‘olib bo‘ldi.
LiveBarchasi