Xorijdan olib kelingan 3 mln dona tut ko‘chati yoqib yuborildi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatida xorijdan keltirilgan 3 mln dona tut ko‘chati bo‘rtma nematoda bilan zararlangani uchun yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoy Xalq Respublikasidan Sirdaryo viloyatiga olib kelingan tut ko‘chatlarining Karantin ruxsatnomasi bo‘lmagan.

Karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib o‘tishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan hujjat. Ushbu hujjatda O‘zbekistonning fitosanitar talablari ko‘rsatiladi.

Mazkur tut ko‘chati O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy karantin laboratoriyasi tekshiruvidan o‘tkazilganda ildiz qismida bo‘rtma nematoda topilgan va tegishli karantin choralari ko‘rilishi yuzasidan xulosa berilgan.

Inspeksiyaning taqdimnomasiga muvofiq, viloyat hokimligining qarori bilan tut ko‘chatlari keltirilgan hududda karantin holati e’lon qilingan. Xitoydan keltirilgan 3 million dona tut ko‘chati viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus poligonida tegishli tashkilot va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingan.

Ta’kidlanishicha, bo‘rtma nematoda pomidor, bodring, sabzi, piyoz,  g‘o‘za, gilos, o‘rik va boshqa ekinlarni kuchli zararlaydi. Bo‘rtma nematoda bilan zararlangan mazkur ekinlar yoppasiga qurib qoladi. Lichinkalarning rivojlanishi natijasida o‘simlik butunlay nobud bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha bo‘rtma nematodalar bilan 2000 turga yaqin turli oilaga mansub madaniy va yovvoyi o‘simliklar zararlangan, bo‘rtma nematoda bilan zararlangan o‘simliklarning soni yildan-yilga ortib bormoqda.

"O‘zbekiston Respublikasi “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasiga asosan respublika hududiga karantin ostidagi mahsulotlar hamda o‘simliklarning ekish materiallarini (urug‘lik, ko‘chat, tuganak, piyozbosh va boshlqalar) olib kirishdan avval “O‘zdavkarantin” isnpeksiyasidan karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikatini olish maqsadga muvofiqdir", deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo karantin tut ko'chati O'zdavkarantin

Baholaganlar

96

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing