Xoreografiya akademiyasi mansabdorlari ustidan jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
14 iyul 2023
10449O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, prokuratura xodimlari tomonidan O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi faoliyati o‘rganilganida, oliygohga o‘qishga qabul qilishda shaffoflik ta’minlanmasdan, korrupsiyaviy omillarga yo‘l ochilgani aniqlangan.
Xususan:
- me’yoriy hujjatlar talablariga zid ravishda o‘qishga qabul boshlangani haqida keng jamoatchilikka bir oy oldin xabar berilmagan;
- 496 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari videotasvirga olinmagan;
- 52 nafar abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi ta’minlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan.
Bundan tashqari, akademiyada 22 nafar o‘qituvchi-pedagogga dars mashg‘ulotlari me’yor talablariga zid ravishda qo‘shib yozilib, 319 million so‘m, o‘tilmagan dars soatlari uchun esa 154 million so‘m to‘lab berilgan.
Hujjatlar soxtalashtirilib, haqiqatda ishlamagan 7 nafar xodimga 270 million so‘m, yuklatilgan vazifalarni bajarmagan 6 nafar xodimga 107 million so‘m asossiz to‘lanib, byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Moddiy javobgar shaxslar tomonidan 76 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar kamomadiga yo‘l qo‘yilgan.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borililayotgani aytilmoqda.
LiveBarchasi