Xorazmdagi istirohat bog‘ining daraxtlari kesib tashlandi
Jamiyat
−
13 iyul 2023
4660Xorazm viloyatining Shovot tumanida joylashgan “Komiljon Otaniyozov” nomli dam olish va istirohat bog‘ida daraxtlar kesib tashlandi. Bu haqda Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, joriy yilning 9 iyul kuni noma’lum shaxslar o‘zlarini tadbirkor sifatida ko‘rsatib, bog‘dagi bir nechta daraxtlarni kesib tashlagan. Mazkur holat bo‘yicha, mahalla fuqarolari tomonidan jamoatchilik asosida o‘tkazilgan nazorat davomida noma’lum shaxslarning harakati to‘xtatilgan. Hech bir tadbirkorga bog‘ hududidan yer ajratilmagani aniqlangan.
Holatga O‘zbekiston Ekologik partiyasi munosabat bildirib, bunday salbiy holatlarni keskin qoralagan holda, noqonuniy daraxt kesganlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur istirohat bog‘i Shovot tumani obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida. Xorazm viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan bog‘da 3471 dona manzarali daraxt xatlovdan o‘tkazilgan. Boshqarma boshlig‘i unga murojaat qilgan fuqarolarga bog‘dagi daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha Shovot tumani obodonlashtirish boshqarmasiga ogohlantirish xati berilganini ma’lum qilgan. Ammo daraxtlarni kesish ishlari to‘xtamagan.