Xorazmda o‘quvchilar dars paytida majburiy mehnatga jalb qilingani aytildi
Jamiyat
−
22 noyabr 2023
5437Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Xiva tumanida maktab o‘quvchilari dars paytida majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlarda tumandagi 5-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchilari dars paytida ariq qazigani keltirilgan.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mazkur holat boshqarma mutaxassislari hamda Xiva tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi Davlat mehnat huquqi inspektori ishtirokida o‘rganilgan.
O‘quvchilar bilan suhbatlashilganida ushbu holat joriy yilning 20 oktyabr kuni sodir bo‘lgani, ular maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisiga o‘z ixtiyorlari bilan yordamlashganini va bunga hech kim majburlamaganini bildirgan.
“O‘rganish xulosasiga ko‘ra, Xiva tumani 5-sonli maktab o‘quvchilarining majburiy mehnatga jalb qilingani o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta terishga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq mazkur holat ham viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘rganilganida o‘z tasdig‘ini topmagandi.