Xorazmda o‘qituvchilarga maktabni tozalatgan direktor jarimaga tortildi
Jamiyat
−
12 avgust 2023 8404 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi 28-maktab o‘qituvchilari direktor tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingani haqida xabar tarqaldi. Keyinchalik viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat nazorati inspeksiyasi mazkur xabarni tasdiqladi.
Qayd etilishicha, xodimlar muassasa direktori N.A.ning topshirig‘i bilan ishga chaqirilgan. Bu orqali u Mehnat kodeksining 115-moddasi (Ish vaqtining normal muddati)ga zid ravishda mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan, o‘z xizmat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilgani aniqlangan.
Shu sababli N.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi (Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan. Qonunga ko‘ra, endilikda maktab direktori bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 12-umumta’lim maktabi rahbari o‘qituvchilarni ta’til vaqtida majburiy mehnatga jalb qilgan edi. Shundan so‘ng, maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘z arizasiga ko‘ra bekor qilingan.
Live
Barchasi