Xorazmda tomorqasida 82 tup kannabis yetishtirgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
24 iyul 2043 1 daqiqa
Xorazm viloyati Bog‘ot tumanida tomorqasida kannabis giyohvandlik o‘simligini yetishtirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bog‘ot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1978 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni va tomorqasi tekshirilgan. Uning qariyb 500 kvadrat metrlik yerida 82 tup kannabis o‘simligi hamda 425 gramm “marixuana” saqlanayotgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi joriy yil aprel oyi boshlarida tomorqasiga kannabis o‘simligini ekib, uni parvarishlab kelgan. U yetishtirilgan giyohvandlik vositalarini keyinchalik sotish maqsadida saqlagan.
Aniqlangan giyohvandlik o‘simliklari va vositalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 270-moddasi (taqiqlangan ekinlarni yetishtirish) hamda 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash va o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida shokolad qadoqlariga yashirilgan 967 gramm “gashish” moddasi hamda Yangiqo‘rg‘on tumanida 423 tup kannabis o‘simligi aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi