Xorazmda tabiatga 700 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan brakonerlar ushlandi
3-sahifa
−
19 may 1147 2 daqiqa
Xorazm viloyatida tabiiy ko‘ldan noqonuniy ravishda baliq ovlab, tabiatga salkam 750 million so‘m zarar keltirganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ekopolitsiyaning Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman bo‘limi hamda tuman IIB xodimlari bilan hamkorlikda hududda reyd tadbiri o‘tkazilgan. Reyd davomida Tuproqqal’a tumanida yashovchi fuqarolar M.T., S.K. va P.K. tomonidan tumanning “Nukus” mahallasi hududida joylashgan “Echkiyor” tabiiy ko‘l suv havzasida taqiqlangan muddatda taqiqlangan vosita, ya’ni leskali to‘r yordamida jami 92 dona baliq noqonuniy ovlanganligi aniqlangan. Noqonuniy ov oqibatida tabiatga 743 million 660 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Bildirilishicha, huquqbuzarlardan ashyoviy dalil sifatida 1 dona rezina qayiq, uzunligi 70 metr bo‘lgan 18 dona leskali to‘r hamda 92 dona baliq olib qo‘yilgan va to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, 11 martdan 31 maygacha Amudaryo va Sirdaryoda, 26 apreldan 10 iyungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida esa 16 apreldan 31 maygacha baliq ovlash taqiqlangan. Chunki belgilangan davrlar baliqlarning ko‘payish vaqti hisoblanadi va bu vaqtda ov qilish baliqlarning ko‘payishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 400 dan ortiq baliq ovlagan shaxs tabiatga 12 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazgan edi.
Live
BarchasiPutin Xitoyga yetib bordi
19 may