Xorazmda obunadan tushgan mablag‘lar talon-toroj qilindi
Jamiyat
−
21 may 2019
3198Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan “Matbuot tarqatuvchi” AK xodimlari bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshirish o‘tkazildi. Bu haqda Bosh Prokuratura Matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Tekshirishda “Matbuot tarqatuvchi” AK Xorazm viloyati sho‘’ba korxonasi direktori O.K. 2017-2018 yillarda obunachilar tomonidan to‘langan 1,3 mlrd. so‘m pul mablag‘laridan 562,3 mln. so‘mini o‘g‘li A.K. va qarindoshi S.Sh.ga qarashli “U.Z.” MCHJga o‘tkazib talon-toroj qilganligi aniqlandi.
Shuningdek, ushbu pul mablag‘lari evaziga Captiva, Lacetti, Nexia rusumli avtomashinalarni hamda sho‘’ba korxona negizida tashkil etilgan Hazorasp bosmaxonasi balansida bo‘lgan haqiqiy bahosi 750,0 mln. so‘mlik bino va inshootlarni 16,7 mln. so‘mga sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganligi aniqlangan.
Tekshiruv davomida yetkazilgan zarardan 562,0 mln. so‘mi undirilishi ta’minlangan.
Xuddi shunday, “Matbuot tarqatuvchi” AK Xonqa filiali rahbari M.R. ham 2018 yilda obunachilar tomonidan to‘langan 365,5 mln. so‘m pul mablag‘laridan 214,0 mln. so‘mini qarindoshi Sh.A.ga tegishli bo‘lgan “A.S.” XKga o‘tkazib talon-toroj qilib, ushbu pul mablag‘lari evaziga Urganch shahridan turmush o‘rtog‘i A.A. nomiga uy sotib olib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan O.K. va M.R.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi