Xorazmda uyi buzilgan aholi namoyishga chiqdi

Jamiyat

photo_2019-07-27_15-22-32

Ijtimoiy tarmoqlarda Urganch shahri “Ashxobod” mahallasida yashagan va davlat manfaati uchun uyi buzilgan fuqarolar Xonqa tumaniga boruvchi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi.

Mojaro ba’zilarga kompensatsiya pulining to‘lanmaganidan kelib chiqqan. Uyi buzilganiga ikki oy bo‘lgan odamlar oxiri norozilik namoyishi bilan ko‘chaga chiqqan. Kunning issig‘ida shuncha vaqtdan beri buzilgan uy evaziga berilgan chodirda yashashning o‘zi bo‘lmaydi, axir. Iloji bo‘lsa, o‘sha mas’ullar odamlarning butun boshli uyini buzib, chodir va quruq yer berib qutulib qolishga urinadi.

Noroziliklar boshlanib, masala yo‘lni to‘sib qo‘yishgacha yetib borganidan keyin Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov voqea joyiga chiqib holat bilan tanishgan. Bu haqda hokimlik Matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishda 200 nafarga yaqin odam qatnashgan.

Hokimlik axborotiga ko‘ra, joriy yilning may-iyun oylarida Urganch shahridagi “Ashxobod” mahallasida yashovchi aholining uylari buzilgan. Ularga Urganch tumani Chondirqiyot qishlog‘idan yer o‘rni ajratib berilgan, ammo xonadon egalarining ba’zilariga kompensatsiya puli to‘lanmay qolgan.

Kecha, 26 iyul kuni Urganch tumani Chondirqiyot qishlog‘ida odamlar norozi bo‘lib, soat taxminan 21:00 da Urganch – Xonqa yo‘lining qatnov qismini to‘sishgani va shu sabab bir necha soat davomida katta qatnov yo‘lidan avtomobillar harakati to‘xtab qolgan. Bundan xabar topgan viloyat hokimi Farhod Ermanov voqea joyiga borib norozi aholi bilan muloqotga kirishgan. Aholini tinchlantirib, 27 iyul kuni ertalab soat 8:00 da shu joyning o‘zida ishchi guruhini tuzib, aholi vakillari bilan muzokara o‘tkazib, muammolarning yechimini topishga va’da berganidan so‘ng odamlar tinchlanib,tarqala boshlagan.

Bugun, 27 iyul ertalabdan viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruh axoli bilan uchrashish maqsadida kelishgan. Qayd etilishicha, hozirda viloyat hokimi har bir xonadon egasi bilan shaxsan o‘zi uchrashib ularning talab va istaklarini eshitib shu yuzadan amaliy chora ko‘ryapti. 

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar va homilador ayollarga qo‘shimcha sharoit hamda yer ajratib berilyapti. Shuningdek, aholiga tekinga qum yetkazib berilyapti. Hokim qurilish mollarini bozor narxidan ham 10 foiz chegirma bilan yetkazib berishni shaxsan o‘z nazoratiga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Farhod Ermanov

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing