Xorazmda maktab o‘quvchilarini ishlatgan fermer jarimaga tortildi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2023
4451Avvalroq Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktab o‘quvchilari ushbu maktab direktorining sholi dalasida ishga jalb etilgani haqida xabar bergan edik. Senat huzuridagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi mazkur holat yuzasidan o‘rganish natijalarini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchilari A.Q., B.Sh., A.O. va B.O.lar tumandagi “Durdona” MFYda joylashgan “I.B.” fermer xo‘jaligiga tegishli sholi dalasida dars mashg‘ulotlaridan so‘ng, ushbu xo‘jalik rahbarining taklifiga asosan, ma’lum bir haq evaziga o‘rilgan sholini to‘plashga kelishib olgani aniqlangan.
Ya’ni, maktab direktori tomonidan ushbu o‘quvchilarni sholi o‘rimiga majburiy jalb qilinishi bilan bog‘liq xabarlar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Kommissiya o‘rganishi davomida o‘quvchilar, ularning ota-onalari, maktab ma’muriyati va fermer xo‘jaligi rahbari bilan suhbat o‘tkazilgan. Suhbat davomida maktab ma’muriyati tomonidan ushbu o‘quvchilar sholi o‘rimiga majburiy jalb qilinishi holati o‘z tasdig‘ini topmagan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani “I.B.” fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan mehnat qonunchiligi va bolalar mehnatidan ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanganligi holati Qo‘shko‘pir tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
Sud qarori bilan fermer Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 3-qismi va 49.1-moddasida (Voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 10 barobari (3 mln 300 ming) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta terishga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq mazkur holat viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘rganilganida o‘z tasdig‘ini topmagandi.
LiveBarchasi