Xorazmda kanaldan mashinaga zanjirlangan holdagi jasadi topilgan erkakning o‘limi sababi fosh qilindi
Jamiyat
−
11 iyul 2020
64168Avvalroq, Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan erkakning jasadi avtomobiliga zanjirlangan holda kanaldan topilgani haqida xabar bergan edik.
Hazorasp tuman prokurori R.Jumaniyazov tomonidan 17.04.2020 yilda fuqaro T.Kodirovning bedarak yo‘qolganligi holati yuzasidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Mazkur ish yuzasidan olib borilgan tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, erkak o‘z joniga qasd qilgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Hazorasp tumani, Temirchi maskani mahallasi, Bazm ko‘chasi, 15-uyda yashovchi, 1986 yil 6 dekabrda tug‘ilgan fuqaro Q.T. 2020 yil 27 mart kuni soat taxminan 10:00 larda otasi Q.A. nomida bo‘lgan qizil rangli Tico rusumli 90 W 854 LA davlat raqam belgili avtomashinani boshqarib, yashash uyidan chiqib ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo‘qolgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida to‘plangan dalillarga ko‘ra, Q.T. 2020 yil 27 mart kuni bir necha marotaba mazkur “Toshsaqa” kanalining Hazorasp tumani, Amudaryo mahallasi, (hozirda Xorazm viloyati, Tuproqqal’a tumani) hududidagi “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti atrofida bo‘lganligi aniqlandi.
Shuningdek, Q.T. foydalanuvida bo‘lgan telefon raqami so‘nggi marotaba 2020 yil 27 mart kuni soat 21:41 da “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti oldida bo‘lganligi aniqlandi.
Tergov davomida sud-psixiatriya ekspertiza tayinlanib, viloyat ruxiy-asab kasalliklari dispanseri ekspertlarining 13 maydagi xulosasida, so‘ngi yillarda Q.T.ning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lganligi, unda o‘zini o‘ldirishga moyillik sezilayotganligi ko‘rsatilgan.
Shu sababli, Q.T.ning mazkur “Toshsaqa” kanalining “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti atrofida suvga cho‘kib vafot etgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, 2020 yil 4 iyun kuni “Chap qirg‘oq” suv taqsimlash inshooti hududida suv to‘silib, IIB va maxsus qutkaruv xizmati xodimlaridan iborat guruh tomonidan kanalda qidiruv ishlari olib borilgan.
Natijada, kanaldagi suvdan Tico rusumli 90W854LA davlat raqam belgili avtomashina va avtomashinaning haydovchi o‘rindig‘ida fuqaro Q.T. bo‘ynidan zanjir bilan avtomashinaning rul qismiga qulflangan holdagi murdasi topilgan.
Tico rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, ichkaridan qulflanganligi, avtomashina o‘t oldirgichi yoniq holatda, uzatkichi harakatlanish (2-skorost) holatida bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi va avtomashina salonidan yangi sotib olingan 2 ta qulflarning narxi tushurilgan qutisi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holatlar bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, Q.T. yuqoridagi qulflarni va zanjirlarni 27 mart kuni Hazorasp tumani, Yangibozor qishlog‘i hududidagi savdo shohobchasi sotuvchisidan sotib olganligi aniqlandi.
Q.T.ning o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, ekspertlarning 20 iyundagi 24-sonli xulosasida, Q.T.ning tani badanida jarohat izlari yo‘qligi, uning o‘limiga cho‘kish oqibatida nafas yo‘llarining suv bilan tiqilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lganligi qayd qilingan.
Shuningdek, tergov davomida Q.T. va turmush o‘rtog‘i I.Sh. foydalanuvida bo‘lgan “Samsung-J250F” rusumli uyali telefoni mutaxassislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, 20.12.2020 yildan 25.03.2020 yilgacha “Youtube” ilovasi orqali saytga kirilib, kanaldan va suvdan topilgan murdalar bilan bog‘liq, o‘z joniga qasd qilish va shu mazmundagi 46 ta video roliklarni tomosha qilinganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga asosan Q.T.ning bederak yo‘qolganligi va 4 iyun kuni murdasi topilganligi holatida jinoiy xodisa yuz bermaganligi sababli, 30 iyun kuni jinoyat ishi JPKning 83-moddasi 1-qismiga asosan tugatildi.
LiveBarchasi