Xorazmda ilk pullik avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi

Jamiyat

image

Xorazm viloyatida Urganch – Xiva yo‘nalishida mintaqadagi ilk pullik avtomobil yo‘li barpo etilishi boshlandi. Loyiha qiymati 120 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda kecha, 23 fevral kuni “O‘zbekiston 24” telekanalida xabar berildi. 

Qayd etilishicha, yangi avtomobil yo‘li xalqaro standartlar asosida qurilmoqda. To‘rt tasmali trassaning uzunligi 35 kilometr bo‘lib, asfaltbeton qoplama bilan jihozlanadi. Uning bir sutkalik o‘tkazuvchanlik quvvati 20 mingdan ortiq transport vositalariga mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, yo‘l boshida, o‘rtasida va oxirida terminal hamda ikkita servis punkti qurilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yo‘l qatlamining umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi. Transport oqimini boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Ushbu tizimlar yuk mashinalari, avtobuslar, yengil avtomobillar va boshqa transport vositalarini avtomatik aniqlay oladi.

Hozirgi mavjud yo‘l 34 kilometr bo‘lib, unda harakatlanish vaqti qariyb bir soatni tashkil qiladi. Yangi pulli avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilgach, Urganchdan Xivagacha bo‘lgan masofani 17 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida ta’mirlanganiga olti oy bo‘lgan avtomobil yo‘li mashinalar o‘tayotganda o‘pirilib ketgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm viloyati avtomobil' yo'li Urganch – Xiva yo'nalishi Loyiha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing