Buxoro Xonguli davlat ramziga aylanadimi? (fotoreportaj)
Jamiyat
−
23 iyun 1803 9 daqiqa
O‘zbekistonning davlat ramzlari qatorida Buxoro Xonguli (noyob bug‘u turi) tasvirlanishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 18-21 iyun kunlari o‘tkazilgan “Aral sea wetlands” loyihasi doirasidagi media-ekspeditsiyada so‘z bordi.
“Aral sea wetlands” loyihasi quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasidagi ekotizimlar, bioxilma-xillikni asrab avaylash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik fondi tomonidan 2022 yilda tashkil etilgan. Loyiha davomiyligi 2026 yil oxirigacha (4 yil). Dasturning umumiy qiymati 3 million 800 ming AQSH dollari ajratilgan. Ushbu mablag‘ doirasida mamlakatda to‘rtta yo‘nalishda – yer, suv degradatsiyasi, biologik xilma-xillik va bilimlarni almashishdan iborat.
.jpg)
Loyiha doirasida 100 ming gektar yaylov, to‘qay va taurang (cho‘l va yarim cho‘l hududlarida o‘sadigan turanga daraxtlaridan tashkil topgan tabiiy o‘rmonlar) o‘rmonlarida yerlarni barqaror boshqarish choralari joriy etilib, tabiiy yashash muhitlarining yemirilishining oldi olinadi.
Shuningdek, qo‘riqlanadigan hududlar maydoni 3 million gektardan ortiqqa kengaytirilib, biologik xilma-xillik uchun muhim bo‘lgan yana 9 ta hudud davlat muhofazasiga olinadi. Bu esa, noyob hayvon va o‘simlik turlarini saqlash, cho‘llanishning oldini olish hamda Orolbo‘yini asrashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, daryo deltalariga zarur miqdorda suv yetib borishini ta’minlash orqali tabiiy suv havzalari va sug‘oriladigan yerlarning ekologik holatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Dengizko‘l davlat ornitologlik buyurtma qo‘riqxonasi
Mazkur press-tur loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligini namoyish etish uchun tashkil etilgan bo‘lib, birinchi manzil Buxoro viloyati Olot tumanidagi Dengizko‘l bo‘ldi. “Aral sea wetlands” loyihasi doirasida mazkur hududdagi suv havzasining xilma-xilligini saqlab qolish nazarda tutilgan. Ushbu ko‘l Turkmaniston bilan chegara yaqinida joylashgan. Ko‘l cho‘lning o‘rtasida joylashgani bilan o‘ziga xos xarakterga ega. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, Dengizko‘l X asrlarda ham bu hududda bo‘lgan. Ko‘lning suvi sho‘r bo‘lgani uchun u iste’molga yaroqsiz va shu sababli ham aholi bu hududda qo‘nim topmagan. Ko‘l – yo‘lovchi qushlar va boshqa yovvoyi tabiat uchun ozuqa, qo‘noq va boshpana vazifasini bajaradi.
.jpg)
“Bir necha asrlar oldin Zarafshon daryosi Amudaryoga quyilgan. Shu Zarafshonning bir irmoqlaridan biri bo‘lgan. Keyinchalik iqlim o‘zgarishi sug‘oriladigan yerlar hajmining ortishi oqibatida irmoq daryodan yakkalangan. Hozirgi kunda asosan kollektor-drenaj suvlari oqovalaridan to‘yinadi. Dengizko‘lning hajmi 40-50 ming gektar yer maydoniga ega. Biroq so‘nggi vaqtlarda suv hajmi sezilarli darajada kamaygan. Mazkur loyiha doirasida ushbu ko‘l qurib qolmasligi uchun doimiy suv bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, mazkur ob’ekt O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, ya’ni 2001 yilda Ramsar xalqaro konvensiyasiga kiritilgan”, deydi Texnika fanlari doktori Malika Ikromova.
Ko‘l hududi muhofaza qilinishi uchun 1973 yilda qo‘riqxonaga aylantirilgan. Bu hududda saqoqush, qoshiqburun kabi turli xil loyxo‘raklar va yovvoyi o‘rdaklar muntazam ravishda qayd etiladi. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi qizil ro‘yxatiga yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turi sifatida kiritilgan oqbosh o‘rdak alohida ahamiyatga ega. Qushlardan tashqari, ko‘l ekotizimida Markaziy Osiyoning cho‘l va suv-botqoq landshaftlariga xos bo‘lgan turli xil baliqlar, sudralib yuruvchilar hamda mayda sutemizuvchilar yashaydi.
Қизилqum davlat to‘qay-qumli qo‘riqxonasi
“Aral sea wetlands” loyihasi doirasidagi suv havzalari va botqoqliklari yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirish uchun tashkil etilgan media-ekspeditsiyaning ikkinchi manzili Qizilqum qo‘riqxonasi bo‘ldi. Qo‘riqxona O‘zbekistonning Turkmaniston bilan davlat chegarasi yaqinida Amudaryoning qirg‘oqbo‘yi hududida joylashgan.
.jpg)
Ma’muriy jihatdan Buxoro va Xorazm viloyatlariga qarashli. Qo‘riqxonaning umumiy maydoni 10 311 gektarni tashkil etadi. Uni tashkil etishdan asosiy maqsad – noyob tabiiy landshaftlarni, ya’ni qumli yerlar va to‘qay o‘rmonlarini muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, shuningdek, ularning tabiiy muhitda saqlanishi hamda qayta tiklanishini ta’minlashdan iborat.
“Qo‘riqxona asosan ikki ekotizimdan tashkil topgan. Birinchisi cho‘l, ikkinchisi to‘qay ekotizim. 7 200 gektar cho‘l, 3200 ga yaqin qismi esa to‘qayzorlardan tashkil topgan. Bu yer nafaqat O‘zbekistonning, balki Markaziy Osiyoning asosiy hududlaridan biri hisoblanadi. To‘qayzor Amudaryo qirg‘oqlarida joylashgan. Bu yerda asosan uch turdagi – turang‘il, har-xil bargli terak va jiydazorlardan tashkil topgan. To‘qayzor shu yaqin atrofning “o‘pkasi” vazifasini ham bajaradi. Loyiha doirasida kuzatuv minoralar o‘rnatildi. 10 ta quyosh panellari o‘rnatildi”, deydi Qo‘riqxona xodimi Nurali Rahmonov.
Qizilqum davlat qo‘riqxonasi hududida ikkita asosiy tabiiy zona mavjud: Amudaryo bo‘yidagi to‘qayzorlar va Qizilqumning qumli cho‘l hududlaridir. Qo‘riqxonadagi asosiy suv ob’ekti Amudaryo hisoblanadi. Uning umumiy maydonidan 3177 gektari Amudaryo bo‘yidagi to‘qay zonasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, qo‘riqxona hududidagi Amudaryo qayirida daryo oqimi hosil qilgan irmoqlar, o‘zanlar va orollar bor.
.jpg)
Noyob va muhofaza etiladigan tur hisoblangan Buxoro bug‘usi hamda jayron alohida tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga ega. Yirtqich sutemizuvchilar orasida bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, bo‘rsiq va dasht mushugi uchraydi.
Ornitofaunasi ancha xilma-xil bo‘lib, u Amudaryo qirg‘ovuli, saqoqushlar, flamingolar, yovvoyi o‘rdaklar, loyxo‘raklar va ko‘k kaptarlarni o‘z ichiga oladi. Mavsumiy migratsiya davrida qo‘riqxona hududi ko‘plab suv-botqoq qushlari uchun muhim dam olish va oziqlanish maskani bo‘lib xizmat qiladi. To‘qay o‘rmonlari, suv havzalari va cho‘l landshaftlarining uyg‘unligi tufayli Qizilqum qo‘riqxonasi xalqaro ahamiyatga molik noyob tabiat majmuasi sanaladi hamda Markaziy Osiyoning noyob va yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi.
Xorazm milliy bog‘i
Xorazm milliy bog‘i – O‘zbekistonning shimoliy-g‘arbida, Xorazm viloyatida, Amudaryoning qadimgi deltasida joylashgan. Yangidan tashkil etilgan muhofaza qilinadigan hududlar sirasiga kiradi. Milliy tabiat bog‘i Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 14 dekabrdagi 1000-sonli qarori bilan tashkil etilgan. Hudud Amudaryo qadimgi deltasining chap qirg‘og‘i va Qizilqumning o‘ng qirg‘og‘idagi kichik bir qismni egallaydi. Bog‘ning umumiy maydoni 21 687,5 gektarni tashkil etadi. Bog‘ Xorazm viloyatining Urganch, Xonqa, Xiva, Yangibozor va Tuproqqal’a tumanlari hududlarida tashkil qilingan.
.jpg)
Bog‘ hududi mintaqa ornitofaunasini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega. Bu yerda yirtqich qushlar, qirg‘ovullar, laylaklar, turnalar, suv qushlarining turli xillari, shuningdek, to‘qayzorlar va suvli-botqoqli yerlardan uya qurish, dam olish hamda oziqlanish maskani sifatida foydalanadigan noyob va muhofaza etiladigan turlar yashaydi. Shuningdek, Buxoro bug‘usi, yovvoyi to‘ng‘iz, chiyabo‘ri, tulki, bo‘rsiq, to‘qay quyoni, qum mushugi hamda turli xil kemiruvchilar uchraydi.
.jpg)
To‘qay o‘rmonlari, cho‘l hududlari va suv ekotizimlarining uyg‘unligi tufayli Xorazm milliy tabiat bog‘i O‘zbekiston shimoliy-g‘arbidagi bioxilma-xillikni asrashning muhim markazi hamda ekologik turizmni rivojlantirish uchun tashkil qilingan.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (QADBR)
QADBR Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryoning quyi oqimida, Nukus shahridan taxminan 90 km, Beruniy tumani markazidan esa 44 km masofada joylashgan. Rezervat hududi Amudaryo qayiri hamda daryoning quyi oqimidagi to‘qay ekotizimlari bilan bog‘liq. Rezervat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 avgustdagi 243-sonli qarori bilan tashkil etilgan. U sobiq “Baday to‘qay” davlat qo‘riqxonasi negizida shakllantirilgan bo‘lib, uning yerlari biosfera rezervati tarkibiga o‘tkazilgan.
.jpg)
Ushbu hududning o‘ziga xos jihati – hayvonlarning ko‘payishi uchun juda qulay makon sanalishida. Masalan, bir necha yil oldin, dastlab bu yerga bir necha bosh Buxoro Xonguli olib kelingan bo‘lsa, hozirda ularning soni 1500 boshdan oshgan.
“Aral sea wetlands” loyihasi rahbari Akmal Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ramzi bo‘lgan Humo qushi afsonaviy qush, uni ko‘rishning imkoni yo‘q. Ammo Buxoro Xonguli real hayotda bor. Shu bois, bu bug‘u ham mamlakat ramziga aylanishi mumkin.
“Britaniyada sher, Amerikada oq bo‘yinli burgut, Rossiyada o‘rmon ayig‘i ramz hisoblanadi. Mana, ba’zi joylarda boshqa hayvonlar davlatning rasmiy yoki norasmiy ramzlaridan biri hisoblanadi. Balki, kunlar kelib shunday bo‘lar-ki Buxoroning shu Xongul bug‘usi O‘zbekistonning ramzi hisoblanib qolishi mumkin. Buning uchun to‘la asoslar bor, chunki uning iqlimi, bu yerda ekotizimga, shu ekotizimning tabiiy shunday mahsuloti faqat bizga xos bo‘lgan”.
.jpg)
“Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi
Media-ekspeditsiyaning navbatdagi manzili Qoraqalpog‘istondagi Mo‘ynoq tumanida, Amudaryo deltasining chap sohilida joylashgan “Sudoche-Akpetki” qo‘riqxonasi bo‘ldi. Tarixan Sudoche Amudaryo deltasining eng yirik suv havzalaridan biri bo‘lib, Orol dengizi bilan irmoqlar va kanallar orqali bog‘langan edi. Bugungi kunda suvning sayozlashishi va suv rejimining o‘zgarishi tufayli, avvalgi yirik suv havzasi bir nechta alohida qismlarga bo‘linib ketganligi sababli, ko‘proq bitta ko‘l haqida emas, balki Sudoche ko‘llar tizimi to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Ular orasida Oqqushlar, Katta Sudoche, Qorateren va Begdulla-Aydin kabi ko‘llar tilga olinadi.
Sudoche ko‘li – Amudaryo deltasining cho‘llanish sharoitida bioxilma-xillikni saqlashda muhim o‘rin tutadigan noyob delta ko‘lidir. Bu yerda 230 ga yaqin qush turi, jumladan, flamingo, saqoqush va ko‘plab suv qushlarining turlar yashaydi, bahorgi migratsiya davrida esa ularning soni 100 mingdan oshib ketadi. Shuningdek, hududda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 21 turdagi hayvonlar, jumladan, turkman quloni, jayron, qoraquloq va oq dumli suvburgut uchraydi. O‘zining yuksak tabiatni muhofaza qilish ahamiyati tufayli, Sudoche ko‘li 2023 yil 30 aprelda xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hudud sifatida Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ekspeditsiya davomida OAV xodimlariga loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Loyiha 2022 yil tasdiqlangan bo‘lsa-da, amalda ish jarayonlari 2023 yilda boshlangani bois, loyihada qolib ketgan boshqa ishlarni ham keng doirada amalga oshirish uchun rasman yana bir yil qo‘shib berish haqida BMT va boshqa aloqador tashkilotlarga tegishli hujjatlar tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Ushbu jarayonlar nafaqat mahalliy OAVlarda, balki xorijiy nashrlarda ham yoritib borildi.
.jpg)
Ma’lumot o‘rnida, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida 51 ta muhofaza etiladigan tabiiy hudud mavjud bo‘lib, ulardan 27 tasi yuridik (davlat muassasasi) maqomiga ega. Bunday hududlar sirasiga 7 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta biosfera rezervati, 2 ta davlat buyurtmaxonasi, 1 ta majmuaviy (landshaft) buyurtmaxona, 1 ta ixtisoslashtirilgan parvarishxona va 15 ta milliy tabiiy bog‘ kiradi. Yaqin yillarda yana 24 ta alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududga bosqichma-bosqich yuridik maqomini berish rejalashtirilmoqda.
Live
Barchasi