O‘zbekistonda biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi
Jamiyat
−
12:04 425 2 daqiqa
O‘zbekistonda endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezidentning Xivada bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Prezident tadbirkorlar ko‘targan masalalar asosida yangi tashabbuslarni e’lon qilgan. Birinchi yo‘nalish – tadbirkorlik uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlash.
Banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikning o‘zida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trillion so‘m resurs ajratilgan.
Yaqinda “kredit xizmatlari yagona raqamli portali” ishga tushgan. Tadbirkor bitta ariza beradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi, biznesni endi boshlayotganlar 5 milliard so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Endi biznesning har bir bosqichiga mos yaxlit ekotizim yaratiladi. Yangi tadbirkorlar uchun “Biznes start”, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun “Biznes lift”, yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun “Biznes yuksalish” dasturlari joriy etiladi.
“Biznes start” doirasida tadbirkorlar sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritishni o‘rganadi. Bu maqsadga 100 milliard so‘m ajratilib, tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
“Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz”, deydi davlat rahbari.
Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masalalardan biri – garov ta’minoti. Shu bois, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi.
10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
“Virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sun’iy intellekt portali ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday “sun’iy intellekt yordamchilari” qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Ikkinchi yo‘nalish – hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish. Davlat rahbari minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihaga aylanib, ish o‘rni va eksportga xizmat qilganda haqiqiy qiymat yaratishini ta’kidlagan.
Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, olti oyda to‘liq to‘lov qilganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi. Auksion muddati ham ikki barobar qisqartiriladi.
Live
Barchasi