Xorazmda bankomatdan pul o‘margan erkak qo‘lga olindi
3-sahifa
−
12 aprel
6581Xorazm viloyatining Urganch shahrida bankomatdan pul o‘g‘irlagan 34 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 12 aprel kuni soat 03:38da Urganch shahar qo‘riqlash bo‘limi monitoring markaziga shaharning Xonqo ko‘chasida joylashgan bankomatdan tashvish xabari kelib tushgan. Olingan xabarga ko‘ra ko‘rsatilgan manzilga yetib borgan qo‘riqlash bo‘limi tezkor guruhi xodimlari bankomat muhri buzilgani hamda seyf eshiklari ochiq holatda ekanini aniqlagan.
Yashirinishga uringan noma’lum shaxs voqea joyidan uzoq bo‘lmagan hududda qo‘lga olingan va Urganch shahar 2-sonli IIBga topshirilgan.
Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki o‘rganishlar davomida ushbu noma’lum shaxs 34 yoshli Yangibozor tumanida yashovchi fuqaro M.B. ekani aniqlangan. Bildirilishicha, hozirda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Olmaliq shahar hududidagi bankomatdan pul o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olingan edi.