Xorazmda 2 yashar qiz mashinada yonib ketdi
Jamiyat
−
03 Oktabr 2019
6872Kecha, 2 oktyabr kuni Xorazm viloyati Urganch shahrida ikki yoshli qiz avtomobilda yonib ketishi natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati Matbuot xizmati xabar berdi.
2 oktyabr kuni soat 13:10 da Urganch shahar Ichki ishlar organlarining 4-sonli IIB tezkor navbatchilik qismidan viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga Urganch shahridagi Bolalar shifoxonasiga kuyish tan jarohati bilan va xushsiz holda 2017 yilda tug‘ilgan qizcha olib kelinganligi haqida xabar berilgan.
Xabar asosida dastlabki surishtiruv ishlari olib borilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Urganch shahar Shodlik ko‘chasi 37-uyda yashovchi fuqaro D.G‘. 2017 y.t. qiz nabirasi A.R. bilan “Alfa-omega transservis” MCHJga tegishli bo‘lgan Nexia rusumli avtomobilida shu kuni taxminan soat 10:30 larda Urganch tumani Chakkasholikor qishlog‘i Beshayvon mahallasida yashovchi tanishining yashash uyiga borib, nabirasi A.R.ni avtomobilda qoldirib, tanishining uyiga kirib ketgan.
Fuqaro D.G‘. taxminan 10 daqiqadan keyin qaytganida avtomobil salonidan quyuq tutun chiqayotganligini ko‘rgan. U shu atrofdagi fuqarolar bilan avtomobildagi yong‘inni bartaraf etib, nabirasi A.R.ni qutqarib, Urganch shahridagi shifoxonaga olib borilgan. Qizcha ushbu shifoxonada vafot etgan.
Yong‘indan avtomobilning orqa o‘rindig‘i 0,5 kv.metr maydoni yongan. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Yong‘in sababi aniqlanmoqda.