Xorazmda 14 kishida koronavirus aniqlangani berkitilyaptimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida 14 nafar odamda koronavirus aniqlangani va bu Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida aks etmagani borasida xabar tarqaldi. Shu munosabat bilan vazirlik rasmiy bayonot bilan chiqdi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida 4 iyun kuni 14 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani, lekin bu ma’lumot Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobotida aks etmaganiga oid xabarlar tarqaldi. Ro‘yxatdagi 14 kishiga oid ma’lumotlar batafsil keltirilishi bilan birga ma’lumot muhrlangan hamda mas’ul shaxs tomonidan imzolangan. Shu masala bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Bir narsani unutmasligimiz shart – bir marta musbat natija olingani Covid-19 koronavirus infeksiyasiga oid yakuniy xulosa bermaydi. Musbat natijali tahlillar SEOM virusologiya laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo‘yiladi.

Xorazmdagi holatga kelsak, bu faqat dastlabki natijalar bo‘lib, ro‘yxatdagi shaxslarning infeksiyaga chalinganini anglatmaydi. Tahlillar albatta qayta tekshirilishi lozim va bu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi.

Fursatdan foydalanib, tasdiqlanmagan va fuqarolar shaxsiga oid ma’lumotlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishini eslatib o‘tmoqchiman.

Shuningdek, qayta tekshiruv usuli sog‘aygan deb hisoblangan bemorlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Ya’ni 14 kunlik tibbiy kuzatuv va davolanish yakuniga ko‘ra ilk tekshiruvda virus aniqlanmagan taqdirda ham biz yana bir marta tahlil olamiz va qayta tekshiramiz. Shundan keyingina bemor butunlay sog‘aygani haqida xulosa beramiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kasallikka oid barcha ma’lumotlarni kun davomida uzluksiz yangilab bormoqda va hammasi shaffof tarzda e’lon qilinmoqda. Fuqarolarimizdan faqat rasmiy ma’lumotlarga tayanishlarini so‘rab qolamiz", deyiladi bayonotda

Avvalroq, mamlakatda karantin qoidalari yumshatilgani haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, masjidlar, restoranlar, bog‘chalar, o‘quv markazlari va buyum bozorlar ochilishiga ruxsat berilgan edi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Sog'liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing