Xoniyaning o‘ldirilishiga aslida nima sabab bo‘ldi?
Olam
−
02 avgust
13628HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya joriy yilning 31 iyul kuni Eron poytaxti Tehrondagi o‘zi istiqomat qilayotgan mehmonxonaga yashirincha olib kelingan hamda o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushishi oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda Yaqin Sharqdagi bir nechta manbalar, jumladan ikki nafar eronlik amaldor va bir amerikalik rasmiyga tayanib “The New York Times” xabar bermoqda.
Tehrondagi qarorgohga qilingan hujumdan so‘ng halok bo‘lgan Xoniya bir nechta OAVda raketa hujumi uyushtirilishi ortidan vafot etgani yozilgan edi. Nashr bilan suhbatda bo‘lgan rasmiylarga ko‘ra, bomba mehmonxonaga taxminan ikki oy oldin yashirincha o‘rnatilgan. Mehmonxona Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan boshqariladi va himoya qilinadi hamda Tehron shimolidagi hashamatli mahallada joylashgan “Neshat” nomi bilan mashhur bo‘lgan katta majmuaning bir qismidir.
Prezidentlik inauguratsiyasi uchun Eron poytaxtiga kelgan Xoniyaning mehmonxonadagi xonasida ekanligi tasdiqlangach, bomba masofadan turib portlatilgan. Portlash oqibatida uning bir nafar tansoqchisi ham halok bo‘lgan. Eron uning qotilligi ortida Isroil turganini ta’kidladi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Tehronda o‘ldirilgani uchun Isroil qattiq jazoga tortilishini aytdi.
Mehmonxonada bomba qanday yashirilgani noma’lumligicha qolmoqda. Yaqin Sharq rasmiylarining ta’kidlashicha, suiqasdni rejalashtirish bir necha oy davom etgan va bu binoni keng qamrovli kuzatishni talab qilgan. Binodagi portlashdan so‘ng darhol xonaga yetib kelgan tibbiy guruh Xoniya shu zahoti vafot etganini ma’lum qilgan. Gazeta manbalariga ko‘ra, Xoniya yashagan xonaning yon tarafida Falastin Islomiy harakatining yetakchisi Ziyod an-Naxala joylashgani, biroq aynan Xoniya turgan joy portlashi unga qilingan suiqasd azaldan reja qilib kelinganini anglatadi.
Ayni paytda ham Eronda unga uyushtirilgan suiqasd usuli mish-mish va bahs mavzusi bo‘lib qolmoqda. “Tasnim” axborot agentligiga binoning portlash holatini so‘zlab bergan soqchilarga tayanilsa, Ismoil Xoniya yotgan xonaning derazasiga raketaga o‘xshash narsa kelib urilgan va HAMAS siyosiy byurosi rahbari ushbu raketa portlashidan vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS siyosiy byurosi rahbari Tehronda o‘ldirilgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng, Turkiya Xoniyaning o‘ldirilishini qoraladi. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos esa HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishini “qo‘rqoqlik va xavfli voqea” deb atadi va Falastinni birdamlikka chaqirdi.
LiveBarchasi