Xonandalarning sho‘riga sho‘rva to‘kiladimi? “O‘zbekkonsert” Senatdan to‘ylar haqidagi qarorni o‘zgartirishni so‘rayapti

Jamiyat

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senatining qabul qilgan qo‘shma qaroriga ko‘ra, endi to‘ylarga ikki nafardan ortiq xonandani taklif qilish mumkin emas. 

Albatta, qaror asosida qabul qilingan Nizomning ushbu bandi ayni vaqtda ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Kecha, 20 sentyabr kuni Senatda o‘tgan yig‘ilishda mazkur masala ham muhokama qilindi. 

Unda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov so‘z olib, ayrim hayotiy misollarni keltirdi. 

Aytaylik, san’atkorlarning daromadi to‘ydan. Buning ortidan ular litsenziya oladi. Mashhurlik darajasi, to‘y xizmatlarida ishtirok etish narxiga qarab litsenziya bahosi belgilangan. Qolaversa, ma’lum miqdorda soliq to‘laydi. Shuningdek, atrofida kamida 5-10 kishini ish bilan ta’minlaydi. Bu esa o‘z o‘zidan aholi bandligi va davlatga yana bir soliq to‘lovchi degani. Agar qaror kuchga kirib, o‘ylarda ikki nafardan ortiq xonandaning ishtiroki cheklansa, tabiiyki ularning daromadiga ta’sir qiladi. Oqibatda ish bilan ta’minlash darajasi tushadi, qolaversa, davlatga to‘lanayotgan soliq ham kamayadi. Oqibatda litsenziya narxi ham tushishiga sabab bo‘ladi.

“Amaliyotda shundayki, prodyuserlik markazlarida ijodiy guruh sifatida bir vaqtning o‘zida uch-to‘rtta xonanda faoliyat yuritadi. Agar to‘y egasi shu prodyuserlik markaziga kelib, guruh bilan shartnoma tuzsa, demak to‘yda o‘sha to‘rtta san’atkor ishtirok etadimi? Masalan, bir prodyuserlik markazi faoliyatida olib qaraydigan bo‘lsak, xonandalar Shahzoda, Nilufar Usmonova, Shohruhxon bitta guruh sifatida faoliyat olib boradi. Ularning litsenziyasi ham bitta”, deb murojaat qildi “O‘zbekkonsert” DM direktori Odiljon Abduqahhorov majlis qatnashuvchilariga. 

Mazkur savolga senator Iqbol Mirzo quyidagicha javob berdi:

“Agar ular sahnaga bir vaqtda chiqib, bitta qo‘shiqni aytsa, demak mumkin. Alohida chiqsa, mumkin emas”.

Masalaga davlat soliq qo‘mitasi raisi Mubin Mirzayev aralashdi. U jiddiy ohangda quyidagilarni gapirdi: 

“Tartibda aniq-ravshan yozilgan, ya’ni to‘yning egasi restoran bilan ham, san’atkor bilan ham shartnoma tuzadi. Shartnomada puli, xizmat turi ko‘rsatiladi va shartnoma kim bilan tuzilgan bo‘lsa, o‘sha odam xizmat ko‘rsatishi kerak. Soliq organlariga kerakli jihati shundaki,  haqiqatan ham bugungi kunda xonandalarni soliqqa tortishda juda katta muammolar bor edi. Bu qaror  to‘yxonalar va shu bilan bog‘liq bo‘lgan marosimlarning hisob-kitobini joyiga qo‘yib, tushumlarini o‘rganish va soliqqa tortishda tartibga soluvchi hujjat bo‘ldi. Bundan kelib chiqib biz o‘zimizning tartiblarimizni ishlab chiqamiz. Masalan, qanday shartnoma qilinadi, qanday qilib soliq to‘ladi degan savollar aniqlashtirib olinadi. Shuning uchun bu soliq organlari uchun juda kerakli hujjat bo‘ldi”.

Abduqahharov yana so‘z olib, Mubin Mirzayevdan savoliga javob ololmaganini aytdi. Haqiqatan ham ushbu savol majlis qatnashchilarini o‘ylantirib qo‘ydi. 

Komissiya a’zolarining qayd etishicha, guruh bo‘ladimi yoki alohida san’atkor, bir kishi bilan shartnoma tuziladi va san’atkor kishi boshiga hisob qilinadi. Bo‘lmasa, san’atkorlar boshqa nayranglarni o‘ylab topadi. Nizomda qayd etilganidek, oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonanda (guruh)ning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Abduqahharov yana so‘zida davom etarkan, Nizomga o‘zgartirish kiritish taklifini o‘rtaga tashladi. Majlis ishtirokchilarining fikricha, agar qarorga yana o‘zgartirish kiritilsa, to‘ylarda tartib qolmaydi. 

“Shou-biznes vakillarini bilamiz, ular ertaga 50 ta san’atkor bilan bo‘lib, bitta guruh tuzib ham to‘ylarga kelishi mumkin. Shuning uchun qarordagi “ikki nafardan ortiq xonanda” degan so‘zga e’tibor beraylik. Hali litsenziya shartlari va talablari masalasini ham qayta ko‘rib chiqamiz. Agar oilaviy tadbirlarda ishtirok bandini buzsa, litsenziyani bekor qilish masalasini ko‘rib chiqamiz. Hozir bunga izoh talab qilmay, ijrosini nazorat qilish kerak. Buni Adliya vazirligining javobi sifatida qabul qiling”, deydi Adliya vaziri o‘rinbosari Xudayor Meliyev.

Majlisda qayd etilishicha, prodyuserlik markazlari bilan shartnoma tuzilganda ham, oilaviy marosimlardagi xonandalar ikki nafardan oshmasligi kerak. “Bu masala qat’iy, boshqacha yo‘lni qidirmagan ma’qul”, deydi Meliyev. 


Maqola muallifi

Teglar

Odiljon Abduqahhorov To'y

Baholaganlar

766

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing