Uyida “marixuana” va “geroin” saqlagan “zakladchik”lar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkentda “zakladka” usulida narkotik tarqatish bilan shug‘ullanadigan shaxslarning uyidan 3 kilogrammga yaqin narkotik topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, DXX va Bojxona organlari xodimlari tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli avtotransport vositasi hamda uning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada 1,1 kg “Alfa-PVP”, 1,9 kg “marixuana”, 65 gr “geroin”, 16 gr “5F-APINACA” giyohvandlik vositalari, shuningdek, narkotiklarni qadoqlashda foydalaniladigan zip paketlar va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddalarni “zakladka” usulida tarqatish bo‘yicha topshiriq bergan, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan ayol ham ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX va IIV hamkorligida respublika bo‘ylab giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazilib, 6 ta hududda giyohvand moddalarini yetishtirish va saqlashga harakat qilgan shaxslar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing